Rossiyalik mashhur qiziqchi koronavirusga gumon qilinib shifoxonaga tushdi
Rossiyalik mashhur qiziqchi Yevgeniy Petrosyan koronavirus infeksiyasiga gumon qilinib shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda bugun, ya’ni 27-oktyabr kuni uning advokati Sergey Jorin xabar berdi.
Huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, qiziqchining o‘zi tibbiyot xodimlariga murojaat qilib, to‘liq tekshiruvdan o‘tishga qaror qilgan.
«Darhaqiqat, koronavirusga gumon bor, lekin hali tashxis qo‘yilgani yo‘q. Yevgeniy Vaganovichning o‘zi shifokorga murojaat qilgan, uni hech kim shifoxonaga yotqizgani yo‘q. Isitmasi yo‘q, koronavirusning yaqqol belgilari ham yo‘q, faqat ozroq quvvatsizlik bor», — deya Jorinning so‘zlarini keltirgan «REN TV».
Ayni vaqtda 75 yoshli Petrosyan poytaxtdagi klinikalardan birida bo‘lib, o‘zini yaxshi his qilmoqda, deb yozadi «kp.ru» sayti.
Hozircha bu xabarni qiziqchining o‘zi ham, uning rafiqasi Tatyana Bruxnova ham tasdiqlamadi, deya xabar berdi NSN.
COVID-19 kasalligini chaqiruvchi SARS-CoV-2 koronavirusi o‘tgan yili dekabr oyida tarqala boshladi. Xitoyning Uxan shahri infeksiya o‘chog‘iga aylandi. Kasallik bir necha oy ichida dunyoning 210 dan ziyod mamlakatini qamrab oldi. 11-mart kuni JSST koronavirus pandemiyasini e’lon qildi.
Rossiyada 1 547 774 kishi koronavirusga chalingan. Shundan o‘tgan bir kecha-kunduzda 16,5 ming kishi virusni yuqtirib oldi. 26 589 ta o‘lim holati qayd etilgan, 1 158 940 nafar bemor tuzalgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter