Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada yo‘lovchi samolyot makkajo‘xori maydoniga qo‘ndirildi

Rossiyada yo‘lovchi samolyot makkajo‘xori maydoniga qo‘ndirildi

Foto: Baza

Rossiyaning «Uralskiye Avialinii» aviakompaniyasiga qarashli A321 samolyoti avariya holatida makkajo‘xori maydoniga qo‘ndirildi.

Samolyot Jukovskiy - Simferopol yo‘nalishi bo‘ylab uchishi kerak edi. Bortda 226 yo‘lovchi va 7 nafar parvoz xodimlari hamda uchuvchilar ekipaji bo‘lgan. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan havoga ko‘tarilgani hamono qushlar galasiga to‘qnash kelgan va bir nechtasi dvigatel ichiga kirib ketgan. Oqibatda samolyotda nosozlik holati yuzaga kelgan. Ba’zi manbalar tomonidan xabar qilinishicha, dvigatellardan biri yona boshlagan.

Ekipaj shoshilinch holatda qo‘nishga qaror qilgan va samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan bir kilometr uzoqlikdagi makkajo‘xori maydoniga qo‘ndirildi. Uchuvchilar qaroriga ko‘ra qo‘nish vaqtida samolyot shassisi (g‘ildiraklari) chiqarilmagan va dvigatellar o‘chirib qo‘yilgan.

Halokatli qo‘nish muvaffaqiyatli amalga oshdi, qurbonlar yo‘q, ammo turli darajada tan jarohati olganlar mavjud. Xususan, 23 nafar yo‘lovchi tan jarohati olgan bo‘lib, ulardan 5 nafari bolalar. Shuningdek bir yo‘lovchining jarohati ancha og‘ir ekani aytilmoqda.

Samolyot harakatdan to‘xtagani hamono ekipaj a’zolari barcha yo‘lovchilarni havo to‘ldirilgan trap orqali evakuatsiya qilgan. Jabrlanganlar darhol Jukovskiy shahridagi tibbiyot birlashmasiga yetkazib borilgan.

Qolgan yo‘lovchilar esa Jukovskiy aeroportiga avtobuslarda olib ketildi. Ular uchun «Uralskiye Avialinii» aviakompaniyasi zahira samolyoti yuborgan. Ayni vaqtda halokat sabablarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tashkil etildi va ish olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring