Rossiyada mamlakatning eng boy odami o‘zgardi
Rossiyaning eng boy odamlari ro‘yxatida yetakchi o‘zgardi. Reytingning eng yuqori pog‘onasiga NLMK hamraisi egasi Vladimir Lisin ko‘tarildi. Shu paytgacha birinchi o‘rinni egallab kelgan «Nornikel» rahbari Vladimir Potanin esa ikkinchi o‘ringa tushib ketdi, deb yozadi «Forbes».
Lissinning boyligi 258 million dollarga (taxminan 1 foizga) ko‘paydi va maqola yozilayotgan paytda 26,1 milliard dollarga yetgan. Potaninning boyligi esa 342 millionga (taxminan 1,3 foizga) kamayib, 26 milliardni tashkil etdi.
Novolipetsk metallurgiya zavodi aksiyalari narxining oshishi tufayli Lisin birinchi o‘rinni egalladi. Hafta boshidan buyon NLMK aksiyalari qariyb 6 foizga qimmatlashdi. Masalan, 21-dekabrda har bir aksiya uchun 206,5 rublga baholangan bo‘lsa, 24-dekabrda qariyb 219 rublgacha ko‘tarildi. Moskva birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu bilan birga, «Nornikel» aksiyalari biroz arzonlashgan.
«Forbes» reytingidagi uchinchi o‘rinni «Novatek» hamraisi Leonid Mixelson egallagan. Uning boyligi 24-dekabr holatiga ko‘ra 22,7 milliard dollarni tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter