Ozarbayjonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya TIVga norozilik notasi yubordi
Ozarbayjonning Moskvadagi elchixonasi mamlakat hududiy yaxlitligiga qarshi axboriy hujum munosabati bilan Rossiya tashqi ishlar vazirligiga norozilik notasi yubordi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning «Birinchi kanal»idagi «Katta o‘yin» («Bolshaya igra») dasturida joriy yil 20-21 oktyabr kunlar arman millatiga mansub rossiyalik siyosatshunos va ekspertlar Ozarbayjon Respublikasining hududiy yaxlitligini shubha ostiga olgan, shuningdek, teleefirda mamlakat jug‘rofiy xaritasi noto‘g‘ri aks ettirilgan.
Norozilik notasida «Katta o‘yin» tok-shousi mehmonlari o‘tmishga aylangan ziddiyatni qayta jonlantirib, ayirmachilikni kuchaytirayotgani ta’kidlangan.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Rossiya davlat telekanali efirida bu kabi siyosiy provokatsiyalarning berilishi Kreml rasmiy pozitsiyasiga mos kelmaydi, ayni choqda, bu mintaqada tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga xalal beradi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 22 fevral kuni ikki davlat prezidenti «Ozarbayjon Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida»gi deklaratsiyani imzolagan.
Elchixona notasida ayirmachilik ruhidagi axborot xurujlari ushbu deklaratsiya talablariga ham zid ekani eslatilgan.
Norozilik maktubida Rossiya Davlat dumasi xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Nikonov ushbu siyosiy «spektakl»ning ishtirokchilaridan biri bo‘lgani taassuf bilan qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Katta o‘yin» dasturi hamda iqtidordagi «Yedinaya Rossiya» partiyasi vakili V.Nikonov birinchi marotaba diplomatik mojaroga sababchi bo‘layotgani yo‘q. 2020 yil dekabr oyida V.Nikonov «Katta o‘yin» efirida Qozog‘iston degan davlat mavjud bo‘lmagani, ushbu mamlakat hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘a ekani haqidagi iddaoni ilgari surgan, pirovardida masalaga prezident Qosim Jo‘mart To‘qayev ham munosabat bildirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter