«Rossiya Markaziy Osiyoga tezroq viza joriy etsin!..» – salbiy deb baholanayotgan hodisaning ijobiy jihati haqida
Qirg‘izistonlik jurnalist, «Kloop» platformasi asoschisi Bektur Iskender Rossiya siyosiy arboblarining Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga viza tartibini joriy etish haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi. Jurnalist viza tartibining ko‘pchilik muhokama etayotgan salbiy jihatiga emas, balki ijobiy nuqtasiga e’tibor qaratgan.
«Har gal rossiyalik biror deputat Markaziy Osiyo migrantlariga viza tartibini joriy etishni taklif qilganida, «Iltimos, tezroq joriy qilaqolinglar!» deyman o‘z-o‘zimga. Viza tartibini umuman jinim suymaydi. Ammo Rossiya o‘z ixtiyori bilan bizdan ihotalanar ekan, bu hodisa tezroq ro‘y berishiga umid qilaman. Ha, dastlabki vaqtlar mehnat muhojirlaridan pul kelishi keskin qisqarishi sabab bizga oson bo‘lmaydi. Ammo bu hol iqtisodiy taraqqiyotning muqobil yo‘llarini topishga turtki beradi. Sirasi, Rossiyasiz yashashga o‘rganish – uning barcha sobiq koloniyalari uchun olamshumul vazifa. Bu jarayonga Rossiyaning o‘zi rag‘bat ko‘rsatgani esa ayni muddaodir», – deb yozadi Bektur Iskender.
Jurnalistga ko‘ra, viza rejimi haqidagi gaplar shunchaki po‘pisa, xolos. Negaki, Markaziy Osiyo davlatlarining ish topishga bo‘lgan ehtiyojidan ko‘ra Rossiyaning ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoji kuchliroqdir. Qolaversa, Moskva mehnat muhojirlaridan iqtisodiy richag sifatida foydalanishga ham odatlangan.
Shunga ko‘ra «Kloop» platformasi asoschisi mintaqa davlatlari Rossiyaga mute bo‘lmagan holda, muqobil iqtisodiy taraqqiyot yo‘llarini topishi kerakligiga urg‘u beradi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda «Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish kerakligini aytdi. Ciyosatchi bunga dalil sifatida asosan mamlakat iqtisodiyotini arzon ishchi kuchidan himoyalash zaruratini keltirgan.
S.Mironovning bu taklifini ijobiy baholagan Mehnat muhojirlari kasaba uyushmasi raisi Renat Karimov ham viza tartibi migrantlar uchun munosib ish sharoiti yaratishga xizmat qilishini qayd etgan. Chunki ish beruvchi viza bilan kelgan mehnat muhojirini munosib maosh va turarjoy bilan ta’minlashdan bo‘yin tovlay olmaydi.
Ekspertlarga ko‘ra, viza tartibini joriy etish Rossiyaning na geosiyosiy, na iqtisodiy manfaatlariga to‘g‘ri keladi.
Migratsiya siyosati bo‘yicha global uyushma a’zosi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Irina Ivaxnyukning ta’kidlashicha, viza tartiboti Kremlning tashqi siyosatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, demografik omil ham rasmiy Moskvani vizasiz rejimni saqlab qolishga majbur etadi.
«Rossiya aholining qarishi va mehnatga layoqatli fuqarolar sonining shiddat bilan qisqarishidek demografik tanglikni boshdan kechirmoqda. 1950-60 yillarda tug‘ilgan ko‘p sonli «qo‘shin» nafaqaga chiqmoqda. 1990-yillarda tug‘ilgan avlod esa mavjud ish o‘rnini to‘ldirishga ojiz», – deydi professor Ivaxnyuk.
Umuman, Markaziy Osiyo fuqarolariga viza tartibini joriy etish taklifi rus siyosiy doiralarida bot-bot yangrab turadi. Masalan, yaqinda Moskva meri Sergey Sobyanin ham qurilishlarga muhojirlarni kamroq jalb etishni uqtirgan edi.
Ammo aksar tahlilchilar yuqorida zikr etilgan siyosiy, iqtisodiy omillarga ko‘ra bu taklifning amalga oshishiga shubha bilan qaraydi.
Ikki yil avval ham Rossiya O‘zbekiston fuqarolariga viza joriy etishga hozirlik ko‘rayotgani haqida ovoza tarqalgan, pirovardida esa, o‘sha paytdagi hukumat raisi Dmitriy Medvedev tomonidan rad etilgan edi.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter