Rekord jarima va 13 yil qamoq: Xitoyda milliarderni nega qamashdi?
![Rekord jarima va 13 yil qamoq: Xitoyda milliarderni nega qamashdi?](https://static.xabaruz.com/crop/3/1/720_460_95_3168575156.jpg)
Bugun, 19-avgust kuni Shanxay sudi xitoylik-kanadalik milliarder Syao Szyanxua ustidan hukm chiqardi: tadbirkor 13 yil qamoqda o‘tiradi, unga qarashli Tomorrow Holdings konglomerati esa 55,03 mlrd yuan ($8,1 mlrd) jarima to‘laydi — bu jarima Xitoy uchun rekord miqdorga aylandi, yozmoqda Reuters.
Syao va uning kompaniyasi davlat jamg‘armalarini noqonuniy o‘zlashtirish, ishonib topshirilgan mulkdan noqonuniy foydalanish hamda amaldorlarni sotib olish (pora berish)da aybdor deb topildi.
Ta’kidlanishicha, milliarder aybiga iqror bo‘lgani va yetkazilgan zararni qoplab berishga rozilik bergani uchun unga nisbatan yumshoqroq jazo qo‘llangan.
Syao Szyanxua XXR kommunistik partiyasi tepasidagilar bilan qalin aloqada bo‘lgan. Sudda ta’kidlanishicha, 2001–2021-yillar mobaynida Syao moliyaviy nazoratdan soqit bo‘lish va noqonuniy daromad orttirish maqsadida davlat amaldorlariga aksiyalar, ko‘chmas mulk, pul va hokazo ko‘rinishlarda tinmay pora berib kelgan.
Syao — Kanadaning ham fuqarosi. Biroq Xitoy tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, Xitoy qonunchiligi ikkifuqarolikni tan olmaydi, shu bois Syao kanadalik konsullarning madadiga umid qilmasa ham bo‘ladi.
Jurnalistlarning yozishlaricha, Syao Szyanxua 2017-yilning yanvarida Gonkongdagi mehmonxonada g‘oyib bo‘lganidan beri u haqda bironta ma’lumot yo‘q edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter