Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Razvedka rahbari Ukraina urushi qanday yakunlanishi borasida gapirdi

Razvedka rahbari Ukraina urushi qanday yakunlanishi borasida gapirdi

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya tashqi razvedka xizmati (MI6) rahbari Richard Mur Ukraina urushi borasidagi taxminlari bilan o‘rtoqlashdi. Qayd etilishicha, yaqin fursatda Rossiya armiyasining zaxirasi tugaydi va Ukraina qarshi hujumga o‘tish imkoniga ega bo‘ladi.

21-iyul kuni AQShda tashkil qilingan xavfsizlik masalalariga doir forumda nutq so‘zlagan R.Mur so‘nggi haftalarda Rossiya armiyasi Ukrainada sezilarli yutuqlarga erisha olmaganini qayd etgan.

«Ular biror shaharni egallagan taqdirda ham o‘sha shahardan nom-nishon qolmayotir. Rossiya kuchlari yaqin fursatda butkul holdan toyadi», – deydi maxfiy idora rahbari.

Vaziyat shu taxlit davom etsa, Rossiya armiyasini askar va texnika bilan ta’minlash yanada murakkablashadi va Moskva bir muddat tanaffus qilishga majbur bo‘ladi. Bu esa Ukraina uchun javob zarbalari berish uchun qulay imkoniyatdir. R.Murga ko‘ra, javob zarbalari berish ukrainaliklarning ruhini ko‘tarish uchun ham muhim sanaladi.

Newsweek nashri josuslik idorasidagi manbalariga tayanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin kuchayib borayotgan saraton xastaligiga qarshi muolaja kursini olgani haqida xabar bergan edi.

MI6 rahbari Putinning salomatligi yomonlashgani xususidagi shu kabi ovozalarga ham izoh bergan. Unga ko‘ra, Kreml sohibi jiddiy xastalikka chalinganini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, razvedkachi va diplomat Richard Mur 2020 yil kuzdan Buyuk Britaniya tashqi razvedka xizmati rahbari vazifasini bajarib kelmoqda.

Kuni kecha AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byorns ham Rossiyaning Ukrainadagi insoniy talafotlarini baholagan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring