Qozog‘istondagi konda oxirgi konchining jasadi topildi
Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida halok bo‘lgan konchilardan oxirgisining jasadi bugun, 30 oktyabr kuni ertalab topildi. Qidiruv ishlari yakuniga yetdi, deb xabar berdi Zakon.kz».
Qayd etilishicha, Sergey Kiselyov Kostenko konida sodir bo‘lgan avariya oqibatida halok bo‘lgan konchilarning oxirgisi edi.
«Otamizni oxirgi bo‘lib topishdi. U 35 yildan ortiq konchi bo‘lib ishlagan», – deydi Sergey Kiselyovning farzandi.
Jasadi topilmagan oxirgi konchini qidirish tun bo‘yi davom etdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Qarag‘anda viloyati hokimligi matbuot xizmatlari hozircha halok bo‘lgan konchilarning oxirgisi topilgani haqidagi ma’lumotni rasman tasdiqlaganicha yo‘q.
Shunday qilib halok bo‘lganlar soni 46 kishiga yetdi.
Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida fojia 28 oktyabrga o‘tar kechasi – 02:33 da sodir bo‘ldi. Portlash paytida shaxtada 252 kishi bo‘lgan, 206 konchi yer yuzasiga ko‘tarilgan, qolganlari yer ostida qolgan, qidiruvlar kechayu kunduz davom etdi.
Dastlab to‘rtta o‘lim haqida xabar berilgan, ammo qurbonlarning haqiqiy soni ancha yuqori bo‘lgan.
Jami 28 kishi Qarag‘anda, Abay va Shaxtinsk shaharlari shifoxonalariga yotqizilgan.
Qarag‘anda konchilari halok bo‘lgani munosabati bilan 29 oktyabr Qozog‘istonda milliy motam kuni deb e’lon qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter