Qozog‘iston Afg‘oniston bilan savdo aylanmasini 3 milliard dollarga yetkazmoqchi

Qozog‘iston Afg‘oniston bilan yillik savdo aylanmasini bir milliard dollardan uch milliard dollarga oshirmoqchi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin Ostonada bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston–Afg‘oniston ishbilarmonlar forumida ma’lum qilgan.
Qozog‘iston afg‘on bozoriga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazuvchi asosiy davlatlardan biri sanaladi. Eksportda, xususan, un va bug‘doyning ulushi katta. Birgina 2022 yilda Afg‘oniston 1,28 million tonna qozoq unini import qilgan.
«Afg‘oniston Qozog‘iston uchun un sotuvi bo‘yicha asosiy bozor bo‘lib qolmoqda. Un eksportining 70 foizi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayni paytda biz eksport savatida diversifikatsiya alomatlarini kuzatmoqdamiz. Hisob-kitobimizga qaraganda, Qozog‘iston Afg‘onistonga 500 million dollarlik oziq-ovqat, neft-kimyo, kimyo, metallurgiya, yengil sanoat va mashinasozlik mahsulotlarini eksport qilish salohiyatiga ega», – deydi Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri.
Ikki davlat o‘rtasida energetika yo‘nalishidagi hamkorlik ham istiqbolli deb baholanmoqda.
40 million nufusli Afg‘oniston Pokiston, Hindiston va Yaqin Sharq bozorlariga chiqishda ko‘prik vazifasini o‘taydi. Shunga ko‘ra rasmiy Ostona afg‘on zamini orqali savdo yo‘nalishlarini kengaytirishni ko‘zlamoqda.
O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston hukumatlari Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘li borasida kelishuvga erishgan. Ushbu yo‘nalishning barpo etilishi nafaqat uch davlat, balki mintaqaning boshqa mamlakatlari uchun ham manfaatli bo‘lishi kutilmoqda. Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari S.Jumangarin ham transafg‘on temir yo‘l koridori qurilishi tashabbusini ijobiy baholagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter