«Qorabog‘dagi 3 mingga yaqin arman evakuatsiya qilinadi» – Armaniston hukumati
Armaniston hukumati Tog‘li Qorabog‘dan 3 mingga yaqin armanning evakuatsiya qilinishini e’lon qildi. Bundan tashqari, rasmiylar Qorabog‘ bilan chegarada, Kornidzor nuqtasida evakuatsiya qilinganlar uchun gumanitar markaz yaratadi. Bu haqda «Kommersant» nashri xabar bermoqda.
«25 sentyabr kuni soat 6:00 holatiga ko‘ra, Qorabog‘dan Armanistonga 2906 nafar majburiy ko‘chirilganlar kirib kelgan», — deyiladi hukumat matbuot xizmati xabarida.
Joriy yilning 20 sentyabr kuni Rossiya tinchlikparvar kuchlari Qorabog‘dagi 2 ming aholini evakuatsiya qilgan edi. Evakuatsiya qilinganlardan mingga yaqini bolalar. Barcha evakuatsiya qilinganlar vaqtinchalik yashash joylariga joylashtirilgan.
Ozarbayjon prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Elchin Amirbekovning aytishicha, Qorabog‘da yashovchi armanlarning taqdiri Ozarbayjonning ichki ishi. Shu bilan birga, u arman aholisini vataniga qaytarish haqida gap yo‘qligini aytgan.
Bosh vazir Nikol Pashinyan Armaniston Qorabog‘ armanlarining mintaqada hayoti imkonsiz bo‘lib qolsa, ularni qabul qilishga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Ozarbayjon Qorabog‘da «aksilterror harakatlari»ni boshlagan edi. 20 sentyabr kuni Armaniston Ozarbayjon talablarini qabul qilib, hududdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga rozi bo‘lgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter