Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qonli 8 may: bir kunda 45 ming kishi qatl etilganini unutib bo‘ladimi?..

Qonli 8 may: bir kunda 45 ming kishi qatl etilganini unutib bo‘ladimi?..

Abdulmajid Tabbun 2019 yildan buyon Jazoirga rahbarlik qilib keladi.

Foto: Starface

Jazoir prezidenti Abdulmajid Tabbun mamlakat tarixidagi eng qonli kunlardan biri – 1945 yilning 8 mayida ro‘y bergan qatliom yuzasidan bayonot berdi. O‘sha mash’um sanada mustaqillik talab qilib chiqqan 45 ming jazoirlik fransuz mustamlakachilari tomonidan qatl etilgan.

Jazoir rahbari fransuz mustamlakasi davrida sodir etilgan dahshatli qotilliklar, xususan, roppa-rosa 77 yil avval amalga oshirilgan qatliom aslo unutilmasligini ta’kidlagan. Prezident Tabbunga ko‘ra, 1945 yilning 8 may kuni erksevar jazoirliklarning qatl etilishi mamlakat tarixida burilish yasagan.

Jazoir o‘lkasi 1830 yili Fransiya tomonidan bosib olingan. Mamlakat xalqi  1954-1962 yillarda mustamlakachilarga qarshi omonsiz kurashlardan keyin mustaqillikni qo‘lga kiritgan. 8 yillik ozodlik kurashi davrida bir yarim milliondan ziyod jazoirlik o‘ldirilgani aytiladi.

Jazoir ko‘p yillardan buyon rasmiy Parijdan mustamlaka davrida amalga oshirilgan jinoyatlar uchun kechirim so‘rash va tovon puli to‘lashni talab qilib keladi. Fransiya Jazoirda amalga oshirgan mustamlaka siyosati uchun rasman kechirim so‘ramagan. Hatto yaqingacha bu mamlakatda amalga oshirilgan harbiy harakatlar «jamoat tartibini tiklash» istilohi bilan xaspo‘shlangan. Faqat 1999 yildagina Fransiya parlamenti Jazoirdagi harbiy harakatlarni «urush» deya tan olgan.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron oradan 60 yil o‘tib, 2021 yil oktyabr oyida mamlakat politsiyasi jazoirliklarga nisbatan sodir etgan vahshiylikni tan olgan va uni kechirib bo‘lmas jinoyat deb atagan edi. Bunga qadar fransuz mas’ullari qatliomni tan olishdan bosh tortib kelgan.

Gap shundaki, 1961 yilning 17 oktyabr kuni Parij politsiyasi namoyishga chiqqan jazoirliklarni o‘qqa tutgan, o‘nlab tinch namoyishchi otilgan yoki Sena daryosiga g‘arq qilingan. Ular Fransiyaning jazoirliklarga nisbatan ayirmachilik siyosatiga qarshi chiqqan edi.

O‘tgan yili jazoirlik jurnalist Muhammad Allalning Parijdagi mashhur Eyfel minorasi uning vatanidan o‘g‘irlangan metalldan barpo etilganini ta’kidlab, Fransiyadan uni zudlik bilan qaytarishni talab qilgani ham shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Qayd etilishicha, dunyoga mashhur minora qurilishida aynan Jazoir hududida qazib olingan ma’danlardan foydalanilgan. Jurnalist, shuningdek, Jazoirni bosib olgani va mamlakat boyliklarini tashib ketgani uchun Fransiya rasman uzr so‘rashi shartligini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring