Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘izistonda navbatdagi rangli inqilob ro‘y berdimi? Prezidentning taqdiri nima bo‘ladi endi?..

Qirg‘izistonda navbatdagi rangli inqilob ro‘y berdimi? Prezidentning taqdiri nima bo‘ladi endi?..

Foto:«RIA Novosti»

5-oktyabr kuni Qirg‘iziston yana norozilik namoyishlari domida qoldi. Aksilhukumat chiqishlariga 4-oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovida asosan iqtidordagi arboblarga tegishli partiya vakillarining g‘alaba qozongani, muxolifat nomzodlarining saylana olmagani sabab bo‘ldi. Huquq idoralari vakillari dastlab namoyishchilarni kuch bilan tarqatib yuborishga urindi, ammo vaziyatdan allaqachon izdan chiqqan, norozilik aksiyasi xalq g‘alayoniga aylanib ketgan edi. 6-oktyabr tunida Bishkekdagi norozilik namoyishi ishtirokchilari o‘zanidan toshgan daryo kabi ma’muriy binolar, xususan, Oq uyga yopirilib kirdi. Ko‘p o‘tmay prezident va parlament faoliyat yuritgan binoda yong‘in chiqdi.

Norozilik namoyishi qatnashchilari qamoqdagi siyosatchilar, jumladan, sobiq prezident Almazbek Atambayevni ozod qildi.

Kuchli bosim ostida mamlakat bosh vaziri, parlament raisi hamda yirik viloyatlar hokimlari iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasi esa 4 oktyabr kungi saylov natijalarini bekor qildi.

«Butun Qirg‘iziston» partiyasi rahbari Adaxan Madumarov raisligida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Muxolifat vakillaridan tashkil topgan kengash mamlakatda muvaqqat boshqaruvni qo‘lga olgan.

Xo‘sh, Qirg‘izistonda navbatdagi rangli inqilob ro‘y berdimi? Xalq g‘alayonlarining asosiy sababi nima?

«Qirg‘izistonda ro‘y berayotgan hodisalar siyosatchilar va hukumatning aqlga suyanmay ish tutgani oqibatidir. Bu o‘rinda Moskva yoki Pekinning ta’siri haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas», – deydi Markaziy Osiyo bo‘yicha taniqli mutaxassis, politolog Arkadiy Dubnov. 

Siyosatshunosga ko‘ra, mamlakat an’anaviy tarzda janub va shimol vakillari tomonidan idora etib kelingan. Deylik, davlat tepasiga janub vakili kelsa, boshqaruv paradigmasi ham shunga muvofiq tarzda o‘zgaradi. Amaldagi prezident Sooronbay Jeenbekov janubiy klan vakili sanaladi. 

«Jeenbekov mamlakatni atigi 3 yildan beri boshqarmoqda. Mamlakat juda qashshoqlashgan, yangi sarmoyalar jalb etish imkonsiz, buning ustiga, rasmiy Bishkek bo‘g‘zigacha qarzga botgan, asosiy qarz beruvchi esa Xitoydir. Ayniqsa, pandemiyadan keyin ahvol yanada og‘irlashdi», – deydi. A.Dubnov.  

4-oktyabr saylovida amaldagi prezidentning ukasi Asilbek Jeenbekov hamda korrupsiyaga doir jinoyatlarda ayblanib kelayotgan sobiq bojxona amaldori Raim Matraimov boshchiligidagi ikki partiya g‘alaba qozongani xabar qilingan edi. Tahlilchi A.Dubnovga ko‘ra, prezidentning ukasi hamda korrupsiyada ayblangan shaxsning saylovda qatnashishi, boz ustiga, uzil-kesil g‘alaba qozonishi muxolifatning g‘azabini keltirgan. Qolaversa, agar saylov natijasi qonuniy deb topilganda, parlament janub klani nazoratiga o‘tar, shu tariqa shimolliklar manfaatiga zid vaziyat yuzaga kelar edi...

A.Dubnov Qirg‘izistondagi xalq g‘alayonini yakuniga yetmagan davlat to‘ntarishi deb baholaydi. Negaki, hozircha amaldagi prezident nominal holatda bo‘lsa-da, davlatni boshqarib turibdi.

«Qirg‘iziston demokratiya va so‘z erkinligi borasida Markaziy Osiyodagi qo‘shnilaridan qanchalik oldinda bo‘lmasin, mamlakat siyosiy sahnasi aynan Markaziy Osiyo va yanada kengroq postsovet makoniga xos yolg‘onchi va har vaziyatdan o‘z manfaati uchun foydalanuvchi «elita» bilan to‘lgan. Aynan shu elitaning ma’lum davrda ko‘proq qudratga ega bo‘lgan yoki birdaniga ega bo‘lib qolgan qismi ikkala inqilobdan keyin ham xalqning o‘z huquqlarini talab qilishidan aynan o‘zining doirasi/oilasi/klani imkoniyatlarini (nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki jinoiy ham) kengaytirishga uringani inqiloblarning kerakli natijaga erishmaganining sababi bo‘lgan», – deb yozadi Telegramdagi «Tashqarida» kanali.

Hozirgi vaziyatda shimol – janub ziddiyati kuchayib ketmasligi muhimdir va ko‘p narsa ushbu voqealarga janubning qanday munosabat bildirishi – kuch ishlatishgacha yetib borish-bormasligiga bog‘liq. Shuningdek, Qirg‘izistonning asosiy ittifoqchilari – Rossiya va Qozog‘istonning reaksiyasi ham vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Yevraziya» strategik tashabbuslar agentligi rahbari, siyosatshunos Alibek Mukambayev ham aynan siyosiy elitaning xalqning muammolaridan yiroqlashib ketishi rangli inqilobga olib keladi deb hisoblaydi. Qayd etilishicha, siyosiy elita 2005 yoki 2010-yillarga solishtirganda, aholi bilan ochiqroq muloqot qilishga, uning kayfiyatini o‘rganishga intilmoqda. Ammo so‘nggi hodisalar elita xalq ko‘ngliga yo‘l topa olmaganini ko‘rsatmoqda.

Siyosatshunos Mixail Shraybman Qirg‘izistonda saylovlarda g‘irromlik qilish o‘ta xatarli ekani, muxolifat zudlik bilan o‘z tarafdorlarini oyoqlantirishiga e’tibor qaratadi. Tahlilchiga ko‘ra, qirg‘izlarning jipsligi va jangovarligi sabab ommaviy namoyishlar tez-tez ro‘y berib turadi. Qolaversa, yirik partiyalarning ortida turgan klanlar lozim vaziyatda barcha kuch va mablag‘ni safarbar etadi.

Avval xabar berganimizdek, 2019-yil avgust oyida Qirg‘izistonning Qo‘ytosh manzilida ikki kunlik otishmalardan keyin sobiq prezident Almazbek Atambayev hibsga olingan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, amaldagi prezident Sooronbay Jeenbekovning katta ta’sirga ega sobiq prezident Almazbek Atambayev bilan ziddiyatga borishi ham uning siyosiy obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va aytish mumkinki, bugungi g‘alayonlarga zamin hozirlagan.

Xo‘sh, amaldagi davlat rahbarining taqdiri nima bo‘ladi? Mamlkatni idora etishni zimmasiga olgan  Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbari hozircha xalq ishonchiga asoslangan hukumatni shakllantirish muhimroq ekani ta’kidlar ekan, savolga ochiq javob bermagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, murakkab vaziyatda barcha mas’uliyat amaldagi prezidentning zimmasiga tushadi. Ayni paytda yuzaga kelgan xo‘jasizlikdan foydalanib, mamlakatdagi turli siyosiy kuchlar, sobiq amaldorlar hokimiyat aravasini o‘zi istagan tomonga tortishga urinmoqda. Parlament va hukumat falajlanib qolgan hozirgi mushkul vaziyatda prezident tashabbusni qo‘lga ola bilmasa, mamlakatda boshboshdoqlik, xaos kuchayib ketishi hech gap emas.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring