Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘iziston xavfsizlik idorasi «eng qadimiy kasb» vakillariga qarshi urush ochdi

Qirg‘iziston xavfsizlik idorasi «eng qadimiy kasb» vakillariga qarshi urush ochdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev huquqni muhofaza qilish idoralaridan 1 dekabrga qadar mamlakatdagi barcha fohishaxonalarni yopishni talab qildi. Bu haqda u 30 noyabr kuni MXDQning Baliqchi shahridagi idorasi ochilishida gapirgan.

Q.Tashiyev islovotxonalar ishlashda davom etayotganidan xabar topgudek bo‘lsa, o‘sha hudud hokimlari ishdan olinishi, huquq-tartibot idoralari mas’ullariga esa chora ko‘rilishidan ogohlantirgan.

MXDQ rahbari fuqarolarga intim xizmatlar ko‘rsatuvchi turli ko‘ngilochar maskanlar, hammomlar va islovotxonalarni milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi omillar qatorida sanagan.

«Kommersant’» nashri Qirg‘izistondagi fohishaxonalar faoliyatiga chek qo‘yish uchun belgilangan muhlat 15 soat ekaniga e’tibor qaratgan.

«Ushbu illatga barham berish bizning zimmamizda. Hurmatli hokimlar, merlar, gubernatorlar hozirdanoq shu topshiriq ijrosiga kirishing. Ixtiyoringizda 15 soat bor. Agar biror hududda birorta fohishaxona hali ham faoliyat yuritayotgani aniqlansa, o‘sha zahoti mer, hokim va gubernatorni ishdan bo‘shatamiz, huquq-tartibot idoralari mas’ullarini esa javobgarlikka tortamiz», – degan Q.Tashiyev.

So‘nggi kunlarda Qirg‘iziston maxsus xizmati yirik shaharlarda fohishaxonalarga qarshi reydlar o‘tkazgan. Islovotxonalar tashkil etishga aloqador hokimiyat idoralari xodimlarini aniqlash choralari ko‘rilayotgani xabar qilingan.

Avvalroq Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistondagi uyushgan jinoiy guruh vakillarini keskin ogohlantirib, bosh ko‘targan jinoyatchilarning boshi kesilishini aytgan edi.

«Endilikda mamlakatimizda «qonundagi o‘g‘ri»lar, uyushgan jinoiy guruh va to‘da rahbarlariga o‘rin yo‘q!» – deb bayonot bergan maxsus xizmat rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring