Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘iziston sobiq prezidentlari erta quvongan ekan...

Qirg‘iziston sobiq prezidentlari erta quvongan ekan...

Qirg‘iziston bosh prokurori Qurmanqul Zulushev mamlakatning sobiq uch prezidentiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bu haqda «AKIpress» xabar berdi.

Bosh prokurorga ko‘ra, 2005–2010 yillarda Qirg‘izistonni idora etgan Qurmanbek Bakiyevga nisbatan bir necha jinoiy ish ochilgan, sud hukmi ham e’lon qilingan.

1991–2005 yillarda prezidentlik qilgan Asqar Akayevga nisbatan ham Qumtor koni bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Kon davlatga qaytarilishi ortidan dalil-isbot yetarli bo‘lmagan sabab ayblov ko‘lami qisqartirilgan.

2011–2017 yillarda Qirg‘iziston rahbari bo‘lgan Almazbek Atambayevga nisbatan ayni paytda sudda ko‘rilayotgan 9 ta jinoiy ish mavjud.

«U kasalligi sababli xorijiy mamlakatda. Qaytib kelishi bilan ish davom ettiriladi», – deydi bosh prokuror Q.Zulushev.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil fevral oyida Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Sadir Japarov BAAning Dubay shahrida barcha sobiq prezidentlar bilan uchrashgan edi. Ushbu yig‘inda nomi yuqorida zikr etilgan uch sobiq rahbardan tashqari Roza Otunbayeva (2010–2011) va Sooronbay Jeenbekov (2017–2020) ham qatnashgan. Uchrashuvdan keyin S.Japarov sobiq prezidentlar o‘z xatolarini tan olgani va bir-birini afv etgani haqida bayonot bergandi.

Qirg‘iziston Respublikasining 30 yillik tarixida mobaynida prezidentlar inqilob yo‘li bilan almashib kelmoqda. Dubay uchrashuvidan keyin ushbu an’anaga chek qo‘yilishi va sobiq prezidentlarga nisbatan jinoiy ishlar yakunlanishi haqida taxminlar yangragan edi.

2021 yil dekabr oyida A.Akayevga nisbatan ochilgan «Qumtor» oltin koni bo‘yicha tekshiruv yopilgani xabar qilingan, ammo ko‘p o‘tmay Moskvada yashayotgan birinchi prezidentga yangi ayblov qo‘yilgan.

2022 yilda A.Atambayev ikki jinoiy ish bo‘yicha oqlangan, ammo boshqa ayblovlar hamon kuchda.

Q.Bakiyevga tayinlangan umumiy jazo muddati esa 30 yilni tashkil qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring