Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘iziston Rossiyaga rasmiy nota yo‘lladi

Qirg‘iziston Rossiyaga rasmiy nota yo‘lladi

Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yubordi. Bunga Moskvada qirg‘izistonlik taksichining kaltaklanishi sabab bo‘ldi.

2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya poytaxtida taksichilik qilayotgan qirg‘izistonlik Shomil Murodovning kaltaklangani aks etgan videolavha tarqaldi.

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi yo‘lovchilardan avtomobil salonida pivo ichmaslikni so‘ragan. Bundan g‘azabga mingan old o‘rindiqdagi erkak haydovchini mushtlay ketgan.

Mushtumzo‘r yekaterinburglik tadbirkor Igor Maysuradze bo‘lib chiqdi.

Noxush hodisadan keyin Sh.Murodov shifoxonaga borgan va unga jarohat tashxisi qo‘yilgan. Zo‘ravon ustidan mahalliy politsiyaga ham murojaat qilgan, ammo holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atish so‘rovi rad etilgan.

Mushtumzo‘rlik aks etgan lavha tarmoqlarda tarqalishi va Qirg‘iziston hukumatining noroziligi ortidan Moskva shahri Basmanniy tumani ichki ishlar idorasi Igor Maysuradzega nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kaltaklash) bo‘yicha ish ochgan.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa joriy yil 18 iyun kuni ro‘y bergan. Tashqi siyosat mahkamasi jabrdiyda vatandoshning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishi, holat vazirlik nazoratida ekanini ma’lum qilgan.

Qirg‘iziston fuqarosi ishlab kelayotgan «Yandeks.Taksi» shirkati haydovchining talabi to‘g‘ri bo‘lgani, avtomobil salonida alkogolli ichimliklar iste’mol qilish man etilganini bildirgan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring