Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘iziston Rossiyaga norozilik notasi yo‘lladi

Qirg‘iziston Rossiyaga norozilik notasi yo‘lladi

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasiga norozilik notasi yubordi. Bunga Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlari Qirg‘iziston diplomatining Moskvadagi uyiga bostirib kirgani va uning rafiqasiga qo‘l ko‘targani sabab bo‘ldi.

Matbuotda Rossiya ichki ishlar vazirligi xodimlari Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi maslahatchisi Manas Joldoshbekovning uyiga bostirib kirgani va uning oila a’zolariga jarohat yetkazgani haqida ma’lumot tarqaldi.

Shunga ko‘ra 12 aprel kuni Rossiyaning Bishkekdagi elchixonasi konsuli Andrey Burev Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.

Rasmiy Bishkek Rossiya ichki ishlar idoralari xodimlari diplomatik munosabatlarga doir Vena konvensiyasi (1961) talablarini qo‘pol ravishda buzgan holda Qirg‘iziston elchixonasi mas’ul xodimi va uning oila a’zolari haq-huquqlarini poymol etgani yuzasidan xavotir izhor qilgan. Akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlarni sodir etgan xodimlarni darhol javobgarlikka tortish talab qilingan.

Rossiya konsuli A.Burev Qirg‘izistonning norozilik notasiga asosan ayni paytda holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilayotgani, uning natijalari haqida ma’lumot berilishini aytgan. U diplomatning daxlsizlik huquqi buzilganini afsuslanarli holat deb atagan.

Xabarlarga ko‘ra, joriy yil 8 aprel kuni Rossiya IIVning ikki xodimi Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Manas Joldoshbekov yashayotgan xonadon eshigi qulfini buzgan holda bostirib kirgan. Ular qirg‘izistonlik diplomatdan migratsiya hujjatlarini ko‘rsatishni talab qilgan. M.Joldoshbekov diplomatlik pasportini taqdim etganidan keyin ham politsiya xodimlari qo‘pol munosabatni to‘xtatmagan, aksincha, diplomatning rafiqasiga tan jarohati yetkazgan, voyaga yetmagan farzandlariga ruhiy bosim o‘tkazgan.

«VChK-OGPU» axborot kanali Rossiya IIV diplomat daxlsizligi buzilgani faktini yashirishga urinayotgani, holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazish paysalga solinayotgani haqida yozgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, 22 mart kuni Moskva viloyatidagi «Krokus siti holl» konsert zalida ro‘y bergan qonli teraktdan keyin Rossiyada Markaziy Osiyo, jumladan, Qirg‘iziston fuqarolariga nisbatan qo‘rqitish, tahdid, haqoratlash harakatlari ko‘paygan.

Avvalroq Qirg‘iziston TIV xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan o‘z fuqarolarini Rossiyaga sayohat qilishdan vaqtincha tiyilishga chaqirgan edi.

Mart oyida Rossiya o‘nlab qirg‘izistonliklarni mamlakatga kiritmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring