Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘iz hukumati chegaradagi otishma sabab aholini evakuatsiya qilishni boshladi (video)

Qirg‘iz hukumati chegaradagi otishma sabab aholini evakuatsiya qilishni boshladi (video)

Qirg‘iziston hukumati ikki davlat chegarasidagi otishma tufayli Tojikiston bilan chegaradosh bir qator qishloqlar aholisini evakuatsiya qilishni boshladi. Bu haqda 24.kg nashri xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, bugun, 16-sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 6:30 da Tojikiston tomoni Botken chegara otryadining «Ko‘ktosh» chegara postini, shuningdek, Leylek tumanidagi Kulundu, Maqsat va Jani-Jer hududlarini o‘qqa tutgan.

«Qurolli to‘qnashuvlar qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun perimetri bo‘ylab – Qizil-Bel, Ko‘ktosh, Tamdiq, Do‘stuq qishloqlari, Tort-Ko‘cho uchastkasida bo‘lib o‘tmoqda», – deb yozmoqda nashr Botken viloyati hokimligiga tayanib.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qirg‘iz tomonining kamida to‘rt nafar harbiy xizmatchisi yaralangan. Chegara qishloqlari aholisini esa evakuatsiya qilish boshlangan.

«Odamlar ertalabdan beri vahima ichida, qishloqlardan qochib ketishmoqda. Kimdir mashinasida, kimdir piyoda. Yo‘lda tirbandlik. O‘q otishning to‘xtamayotgani tufayli ba’zilari uylarini tark eta olmayapti», – deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati Tojikiston tomonini avval erishilgan barcha kelishuvlarni buzgan holda, Botken viloyatidagi qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun perimetri bo‘ylab chegara va fuqarolik ob’yektlariga hujum qilganlikda aybladi. 

Shuningdek, qirg‘iz tomoni ikkinchi tomonning harbiy xizmatchilari ekanligi aniqlanmagan shaxslarning qurolli mojarolarda faol ishtirok etayotganini, qirg‘izistonliklar orasida turli tashviqot ishlarini olib borayotganini aytmoqda.

Tojikiston MXQ esa Qirg‘izistonni aholi punktlariga hujum qilganlikda ayblayapti. 

«Isfara shahrining Xo‘jai A’lo, Qummazor, Surx, Somoniyon, Qulkand, Bobojon G‘ofurov tumanining Xistevarz va Ovchiqalacha aholi punktlari Qirg‘iziston harbiylari tomonidan o‘qqa tutildi», – deb xabar bergan mamlakat Milliy davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari matbuot markazi.

Tojikiston tomonining qayd etishicha, 16-sentyabr kuni soat 04:50 atrofida Qirg‘izistonning Botken chegara otryadiga qarashli «Ko‘ktosh» chegara posti chegarachilari kelishuvni buzgan holda, «Dushanbe» chegara postidagi Isfara chegara otryadini o‘qqa tutgan.

Eslatib o‘tamiz, chegaradagi navbatdagi mojaro seshanba, 14-sentyabr kuni boshlangan va Buloq-Boshi hududida qirg‘iz-tojik chegarasidagi otishma Botken viloyati rahbari Abdikarim Alimbayev va So‘g‘d viloyati (Tojikiston) rahbari Rajabboy Ahmadzodaning telefon orqali muloqotidan so‘ng to‘xtagani aytilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring