Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putinning «sulh mujdasi» rad etildi

Putinning «sulh mujdasi» rad etildi

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya prezidenti Vladimir Putin vositachilar orqali Qo‘shma Shtatlarga Ukrainadagi mojaroni muzlatib qo‘yishni taklif qilgani, ammo muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqidagi xabarni rad etdi.  

Reuters agentligining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, 2023-yilda Putin ommaviy va shaxsiy tarzda vositachilar, jumladan, Moskvaning Yaqin Sharqdagi arab hamkorlari orqali Vashingtonga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini ochiq-oydin bildirgan.

Shu bilan birga, Rossiya prezidenti go‘yoki hozirgi yo‘nalishdagi mojaroni muzlatib qo‘yishni taklif qilgan va Rossiya bosib olgan Ukraina hududlaridan birortasini ham berishni istamagan, deydi agentlik suhbatdoshlari.

2023 yil oxiri va 2024-yil boshida bo‘lib o‘tgan munozaralar bilan tanish bo‘lgan yuqori martabali rossiyalik amaldor, anonimlik sharti bilan Reuters agentligiga «amerikaliklar bilan aloqalar hech qanday natijaga olib kelmadi», dedi.

Shu bilan birga, amerikalik manba har qanday norasmiy aloqalar haqidagi ma’lumotni rad etdi va Vashington Kiyev ishtirokisiz muzokaralar olib bormasligini aytdi.

O‘tgan hafta amerikalik jurnalist Taker Karlson bilan suhbat chog‘ida Putin amerikaliklarga muzokaralarning foydasi haqida monolog bilan murojaat qilgandi:

«Bu mojaro AQShga kerakmi? Nima uchun? Bu sizning milliy hududingizdan minglab kilometr uzoqlikda joylashgan. Sizda boshqa muammolar bor: chegaradagi muammolar, migratsiya bilan bog‘liq muammolar, davlat qarzi bilan bog‘liq muammolar – 33 trillion dollardan ortiq. Rossiya bilan kelishuvga erishganingiz ma’qul emasmi?».

Shu bilan birga, u Kiyev «Vashington ko‘rsatmasi bo‘yicha» muzokaralardan bosh tortganini da’vo qilgandi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring