Putinning Yevropadagi dongdor do‘sti undan yuz o‘girdi
Italiya sobiq bosh vaziri, taniqli siyosatchi va tadbirkor Silvio Berluskoni Rossiya prezidenti Vladimir Putindan hafsalasi pir bo‘lganini ma’lum qildi. Berluskoni Rossiya rahbarining ko‘p yillik do‘sti edi.
«Vladimir Putinning xatti-harakatlaridan butkul hafsalam pir bo‘lgani va ranjiganimni yashira olmayman, yashirishni istamayman ham. U dunyo qarshisida zimmasiga jiddiy javobgarlikni oldi», — dedi sobiq hukumat rahbari o‘zi asos solgan «Olg‘a, Italiya» partiyasining yig‘ilishida.
Aprel oyi boshida Kiyev viloyatining Bucha shahrida Rossiya harbiylari tomonidan ko‘p sonli tinch aholi vakillari o‘ldirilgani ma’lum bo‘lgan, ushbu mudhish voqea qirg‘in deb atalgan edi.
Italiya sobiq vaziri ham Buchada ro‘y bergan hodisalar uchun javobgarlikdan qochib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Berluskoni ko‘p yillik qadrdoni Putinni demokratiya odami deya adashganini tan olgan.
Har ikki siyosatchi o‘zaro do‘st ekanlarini ko‘p bora ta’kidlab kelganlar. 2019-yilda Italiyaning «Corriere dell Sera» gazetasiga intervyu bergan Putin Berluskonini dunyo darajasidagi siyosatchi deb maqtagan. Italyan siyosatchisi esa 2021-yili Rossiya prezidentini zamonaviy xalqaro siyosatning ko‘zga ko‘ringan yagona yetakchisi deb atagan.
Joriy yil 24-fevral kuni Rossiya qo‘shini Ukrainaga bostirib kirgach, Putinning Yevropadagi ko‘plab do‘stlari undan yuz o‘girdi. Masalan, Chexiyaning rossiyaparast deb baholangan prezidenti Milosh Zeman Ukraina bosqinini keskin qoralab, Rossiya rahbariyati bunday ish qilmaydi deb xato o‘ylagani uchun uzr so‘radi.
Kremlga xayrixoh yana bir siyosatchi — Yevropa kengashi Parlament assambleyasi prezidenti Tini Koks ham Putindan Ukrainadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi.
Ukrainadagi so‘nggi hodisalar ortidan Rossiya prezidentiga xayrixoh bo‘lgan yana ko‘plab siyosatchilar undan uzoqlashdi.
Avval xabar berganimizdek, Germaniya jamoatchiligi mamlakat sobiq kansleri, «Rosneft» direktorlar kengashi rahbari lavozimida faoliyat yuritayotgan Gerhard Shryoderning Rossiya manfaatlariga qaratilgan faoliyatidan norozilik bildirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter