Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin yadro urushiga tayyor ekanini aytdi

Putin yadro urushiga tayyor ekanini aytdi

Vladimir Putin «Rossiya segodnya» targ‘ibot-tashviqot guruhi rahbari Dmitriy Kiselyovga  intervyu berdi. «RIA Novosti» suhbat parchalarini e’lon qildi.

«Harbiy-texnik nuqtai nazardan, biz, albatta, tayyormiz. Bizda ular [ядровий ракеталар] doimo jangovar shay holatda», — dedi Putin Rossiya yadro urushiga tayyormi, degan savolga javob berar ekan.

Kiselyov Putindan Ukrainaga qarshi urush paytida yadro qurolidan foydalanish imkoniyati haqida so‘radi.

«Qurol foydalanish uchun chiqarilgan. Bizning o‘z prinsiplarimiz bor. Agar Rossiya davlatining mavjudligi, suvereniteti va mustaqilligiga tahdid bo‘lsa, qurol-yarog‘ni, shu jumladan, siz aytgan qurollarni ham qo‘llashga tayyormiz», dedi Putin.

Bundan tashqari, Putin Ukrainaga G‘arb harbiylarining kelishi haqidagi muhokamalarga izoh berdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu haqda birinchi bo‘lib e’lon qilgandi. Kiyevning asosiy ittifoqchilari, jumladan, AQSh va Germaniya bunday imkoniyatni rad etgan bo‘lsada, Makron qo‘shin yuborishga jiddiy yondashganini ta’kidlagan.

«RIA Novosti» xabariga ko‘ra, Putin «Ukrainada xorijiy qo‘shinlarning bo‘lishi va qurol-yarog‘ bilan ta’minlanishi jang maydonida hech narsani o‘zgartirmasligini», biroq «AQSh qo‘shinlari Ukrainada paydo bo‘lsa, Rossiya ularga bosqinchi sifatida munosabatda bo‘lishini» ta’kidlagan.

Tinchlik muzokaralari ehtimoli haqidagi savolga javoban Putin Moskva Rossiya bosib olgan va anneksiya qilishga urinayotgan Ukraina hududlariga da’volardan voz kechish masalasini muhokama qilishni istamasligini aniq aytdi. Ukraina avvalroq Rossiya bilan har qanday tinchlik muzokaralari mamlakatga bostirib kirgan qo‘shinlar butunlay chiqib ketgan taqdirdagina mumkin bo‘lishini ta’kidlagan edi.

«Biz muzokaralarga tayyormizmi? Ha, biz tayyormiz, lekin faqat psixotrop dorilarni ichib olganidan keyin yuzaga kelgan qandaydir istaklarga emas, balki yuzaga kelgan voqeliklarga asoslangan muzokaralarga tayyormiz», dedi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring