Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin va Zelenskiy tinchlik sulhini imzolaganda — film haqida film (video)

Putin va Zelenskiy tinchlik sulhini imzolaganda — film haqida film (video)

ARTE fransuz-nemis teledasturi taqdim etgan «Ukraina: eng qimmat qiyofadoshlar» deb nomlangan hujjatli filmda o‘zbek, o‘zbekistonlik degan so‘zlar tilga olingan.

Film Rossiya-Ukraina urushi haqidagi Golluvud serialida rol ijro etayotgan aktyorlar, jumladan, Zelenskiy timsolini yaratayotgan uning qiyofadoshi Umidjon Isabayev haqida ham. Fransuz tilidagi hujjatli film Rossiyaning Ukrainaga e’lon qilgan «harbiy operatsiyasi» bir yilligi oldidan havola etildi.

Filmda Umidjon bilan birga ishlayotgan Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In qiyofadoshlarining tasvirga olish maydonidagi va hayotdagi munosabatlari olib chiqilgan.

Zelenskiy va Putin bir-birining qo‘lini siqib, tinchlik borasidagi sulhni imzolayotganida Kim Chen In bu qarorni quvvatlagan nigohda kuzatib turibdi. Bu olamshumul manzarani joylantirayotgan qiyofadoshlar aslida kim?

Real hayotda «Putin» transport kompaniyasini boshqaradi, «Kim Chen In» musiqa prodyuseri, «Zelenskiy» buyoqchi. Yigitlar – polyak, gonkonglik, o‘zbek. Ularning umumiy jihati – ziddiyatli davlatlar rahbarlariga quyib qo‘ygandek o‘xshashligida. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqini ana shu insonlar taqdirini ham o‘zgartirib yubordi.

Film haqidagi film fransuz tomoshabinlar o‘rtasida tilga tushganidan so‘ng «Xabar.uz» bugunda Germaniyada ijod qilayotgan Umidjon Isabayev bilan bog‘landi.

— Hujjatli filmda serialdagi voqealar chizig‘ida aktyorlarga oid savollar o‘rtaga tashlanadi. Masalan, Umid Isabayev bugunda nega Yevropada, u nega Rossiyadan ketdi? Axir u Moskvada yashar edi-ku! Ko‘p qismli filmda Vladimir Zelenskiyning talabalik davridan urush davridagi hayotini gavdalantirish uchun Isabayevni kim taklif qildi? U Gollivud ijodkorlari davrasiga qanday tushib qoldi? Uning Ukraina qolishi qanchalik xatarli edi, kabi qirralar ochib berilgan, deydi Umidjon.

Hujjatli film muallifi Lena Moger.

Darvoqe, Umid Isabayev Zelenskiy qiyofadoshi sifatidagi sarguzashtlari Moskva metrosida uni kimdir suratga olib, ijtimoiy tarmoqqa tarqatishidan boshlangan edi.

«Yaqinda Berlin metrosida ham suratga tushirishibdi», deya qo‘shib qo‘yadi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring