Prigojin Kremlda Putin bilan uchrashdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin bilan harbiy isyondan 5 kun o‘tib, 29 iyun kuni Kremlda uchrashgan. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dimitriy Peskov ma’lum qildi.
Dimitriy Peskovning ta’kidlashicha, uchrashuv taxminan 3 soat davom etgan. Unda jami 35 kishi, xususan, «Vagner» komandirlari ham ishtirok etgan.
«Haqiqatan ham prezidentning shunday uchrashuvi bor edi. Unga 35 kishini taklif qildi. Bular barcha otryad komandirlari va kompaniya rahbariyati. Shu jumladan Prigojinning o‘zi ham. Bu uchrashuv 29 iyun kuni Kremlda bo‘lib o‘tdi. U deyarli uch soat davom etdi», – degan Rossiya prezidentining matbuot kotibi jurnalistlarga.
Uning qo‘shincha qilishicha, Rossiya prezidenti «Vagner» qo‘mondonlarining fikrini tinglab, sodir bo‘lgan voqealarga o‘z bahosini bergan va «Vagner» vakillariga ishga joylashish imkoniyatlarini taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 iyun kuni Putinning xos odamlaridan biri sanalgan Yevgeniy Prigojin mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni topshirishni talab qilgan holda harbiy isyon boshlagan edi.
Shundan so‘ng FSB Prigojinga qarshi harbiy qo‘zg‘olon uchun jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. Vladimir Putinning o‘zi esa sodir bo‘layotgan voqealarni xiyonat deb atagan.
Biroq 24 iyun kuni kechga borib Putin bilan bamaslahat ish ko‘rgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Prigojin bilan kelishuvga erishganini e’lon qilgandi. Shundan so‘ng Moskvaga yurish qilayotgan Prigojin ortga qaytishini bildirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter