Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonni bosib olishga chaqirgan Prilepin jazolanadimi? Moskva javob berdi

O‘zbekistonni bosib olishga chaqirgan Prilepin jazolanadimi? Moskva javob berdi

Provokatsion bayonot sabab Prilepinni «persona non grata» deb e’lon qilish taklif etildi.

O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish da’vosi bilan chiqqan rus propagandachi-amaldori, «Spravedlivaya Rossiya – za pravdu» partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinga nisbatan hech qanday jazo chorasi qo‘llanmaydi. Bu haqda mazkur partiya raisi Sergey Mironov ma’lum qildi.

«Zaxar Prilepin – yozuvchi va bu (O‘zbekistonni anneksiya qilish haqidagi da’vo – tahr.) uning emotsiyasi mahsuli. U Sovet Ittifoqini qo‘msayotgani kundek ravshan. O‘zbekistonda unga nisbatan qizg‘in aks sado yangragani va hatto bizning tashqi ishlar vazirligimiz munosabat bildirganidan hayron bo‘ldim. Men bunga jiddiy ahamiyat qaratmagan bo‘lardim. Unga nisbatan biror bir jazo chorasi qo‘llanishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas», – deydi S.Mironov TASS muxbiri savoliga javob berar ekan.

Partiya raisi Zaxar Prilepin tilidan chiqqan so‘zlar uning yozuvchi sifatida shaxsiy fikri ekanini qayd etgan.

Avval xabar berganimizdek, propagandachi va harbiy zobit Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi da’vosi mamlakatimiz ahlining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Provokatsion bayonot ortidan Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Oleg Malginov O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.

Rus elchisi nizoli bayonotning Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik siyosatshunoslar Kreml imperiyachilik g‘oyasidan voz kechmasligi, binobarin, shunga muvofiq ravishda kerakli choralar ko‘rish kerakligini ta’kidlamoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring