Prezident Putin yanglishib ketdi, uni matbuot kotibi Peskov to‘g‘riladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari bilan videomuloqot payti ayni paytda qamoqda tutib turilgan jurnalist Ivan Safronovga oid jinoiy ish bo‘yicha yanglish ma’lumot berdi. Pirovardida matbuot kotibi Dmitriy Peskov chalkashlikka aniqlik kiritdi.
Prezident Putin bilan muloqot payti «Kommersant» nashrida uzoq yillar faoliyat yuritgan jurnalist, so‘nggi vaqtlarda «Roskosmos» rahbari maslahatchisi lavozimida ishlagan Ivan Safronovning taqdiri haqida ham savol berildi.
Avval xabar berganimizdek, I.Safronov joriy yil 7-iyul kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan davlatga xiyonat ayblovi bilan hibsga olindi. Jurnalist mamlakat mudofaasiga doir ma’lumotlarni Chexiya maxsus xizmatiga yetkazishda ayblanmoqda.
V.Putin bu boradagi savolga javob berar ekan, I.Safronov jurnalistlik faoliyati uchun emas, balki «Roskosmos» rahbari maslahatchisi lavozimidagi ishi davomida sodir etgan jinoyati uchun sudlanganini ma’lum qildi.
Ko‘p o‘tmay, prezidentning ushbu bayonotida ikkita yanglish fikr aytilgani yuzaga chiqdi. Gap shundaki, I.Safronov ishi bo‘yicha tergov yakunlangani yo‘q, binobarin, sud hukmi ham hali e’lon qilinmagan.
Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov vaziyatga oydinlik kiritar ekan, Vladimir Vladimirovich «jurnalist sudlandi» deganda yanglishib ketganini tan oldi.
I.Safronov «Roskosmos» rahbari maslahatchisi lavozimidagi ishi davomida sodir etgan jinoyati uchun sudlandi» degan fikr ham mazkur tashkilot tomonidan rad etildi. Gap shundaki, «Roskosmos» korporatsiyasi rahbari Dmitriy Rogozin jurnalist davlatga xiyonatda ayblanib hibsga olingan ilk kezlardayoq uning maxfiy ma’lumotlardan foydalanish huquqi bo‘lmaganini ta’kidlagan edi.
«Tergov idorasi Ivan Safronovni 2017-yilga qadar ro‘y bergan epizodlar bo‘yicha ayblamoqda. I.Safronov «Roskosmos» davlat korporatsiyasida 2020-yil may oyidan ishlay boshlagan, xolos. «Roskosmos» bosh qarorgohida joriy yil bahorda COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sabab hibsga olingunga qadar masofadan turib ishlagan. Davlat siri sanalgan ma’lumotlar bilan tanishish vakolatiga ega bo‘lmagan», – deyiladi «Roskosmos» matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.
Hibsdagi jurnalistning advokati Ivan Pavlov esa prezidentga mazkur jinoiy ish bo‘yicha haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar atayin kiritilgani ehtimolini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter