Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Peruning «axloqan noqobil» prezidentini iste’foga chiqarishmoqchi

Peruning «axloqan noqobil» prezidentini iste’foga chiqarishmoqchi

Martin Viskarra parlamentning 14 sentyabrdagi yalpi majlisiga chaqirilgan.

Foto: EPA / UPG

Peruning bir palatali parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan mamlakat prezidenti Martin Viskarrani iste’foga chiqarish ko‘zda tutilgan rezolyusiya loyihasiga ovoz berdi. Bu haqda «Andina» agentligi xabar berdi.

Peru parlamenti. Foto: «Andina»

Deputatlarning 65 nafari prezident impichmentini yoqlab, 36 nafari qarshi ovoz berdi, 24 deputat — betaraf. Impichment tarafdorlari Viskarrani «axloqan noqobil»ligi bois o‘z lavozimida qolishga noloyiq, deb hisoblashmoqda.

Prezident iste’fosi haqidagi rezolyusiya loyihasini tasdiqlash uchun 52 ta ovoz yetarli edi. Endi parlamentariylar Viskarraning iste’foga chiqarilishi uchun hal qiluvchi ovoz berish sanasini tasdiqlashlari kerak, bungacha prezident parlamentda chiqish qilib o‘zini oqlashiga imkon beriladi: Martin Viskarra parlamentning 14-sentyabrdagi yalpi majlisiga chaqirilgan.

Peru prezidentini uzil-kesil lavozimidan olib tashlash uchun parlament deputatlarining 130 nafaridan 87 nafarining ovoz kerak bo‘ladi. Impichment amalga oshgan taqdirda davlat rahbari vazifalarini Kongress raisi boshqarib turadi (yangi saylovlar o‘tguniga qadar).


Mavzuga oid: Siyosiy inqiroz: Peru prezidenti va parlament bir-birini hukumatdan chetlatdi


Viskarraning aybi nimada?

Rezolyusiya mualliflariga ko‘ra, qo‘shiqchi Richard Svinge (Richard Sisneros) ishi bo‘yicha jinoiy va parlament surishtiruviga prezident to‘sqinlik qilgan. Madaniyat vazirligini artist bilan amaldagi qonun me’yorlarini buzgan holda shartnoma tuzishda gumon qilgan deputatlar surishtiruv o‘tkazishni talab qilishgandi.

Peru prezidenti ovozi tushirilgan audioyozuv oshkor bo‘lgach, deputatlar impichment to‘g‘risidagi rezolyusiyani tayyorlashga kirishishdi. Ovozda Viskarra Sisneros bilan uchrashganiga iqror bo‘lgan, holbuki ilgari buni inkor etayotgandi.

Ma’lumot uchun: Martin Viskarra ilgarigi davlat rahbari Pedro Kuchinski impichment orqali lavozimidan ketkazilganidan so‘ng, 2018-yilda Peru prezidenti bo‘lgandi. Bungacha 2016-yildan mamlakat vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Peruda prezident va parlament saylovlari 2021-yilning 11-apreliga belgilangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring