Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Peru sobiq prezidenti Alberto Fuximori vafot etdi

Peru sobiq prezidenti Alberto Fuximori vafot etdi

Peruning sobiq prezidenti Alberto Fuximori 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning qizi Keyko Fuximori xabar berdi.

Kelib chiqishi Yaponiyaga borib taqaluvchi Alberto Fuximori 1990–2000-yillarda Peru prezidenti bo‘lgan. E’tiborli tomoni, peruliklar el chino («xitoylik») deb nom qo‘yib olgan Fuximoro 1990-yilgi saylovda butun dunyoga taniqli yozuvchi Mario Vargas Losa ustidan g‘alaba qozonishi kutilmagan voqea bo‘lgandi.

Keyinchalik sobiq prezident korrupsiya va inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib, 2007-yilda 25 yilga qamalgan. Uni isyonchilarga qarshi «o‘lim eskadronlari» tuzish va 1991-1992-yillarda 25 kishining o‘limiga aloqadorlikda, shuningdek, davlat pullarini talon-toroj qilish va boshqa korrupsiya jinoyatlarida ayblashgan.

Fuximorining salomatligi yomonlashgani sababli 2017-yilda Peru prezidenti Pedro Pablo Kuchinski tomonidan afv etilgan. Ammo turli huquqiy to‘siqlar sababli qamoqdan chiqishi olti yilga cho‘zilib ketgan.

Qizining yozishicha, Fuximori uzoq yillar saraton xastaligi bilan kurashib kelgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring