«Pekin mo‘jizasi». Dunyodagi eng katta aeroportlardan biriga fotosayohat
Xitoyda dunyodagi eng katta aeroportlardan biri foydalanishga topshirildi. Poytaxt Pekindan 50 kilometr janubda joylashgan Dasin aeroporti terminali 700 ming kvadrat metrni egallagan. Yangi qo‘nalg‘a hamda poytaxtni tezyurar poyezd bog‘laydi.
Besh yil davomida qurilgan ushbu ulkan inshoot uchun 450 milliard yuan – 63 milliard dollar sarflangan.
Aeroport hozircha yiliga 620 ming reysni qabul qiladi. Shu tariqa Dasin havo bandargohi 2022-yilda – 45 million, 2025-yilda esa 72 million yo‘lovchiga xizmat qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga yangi aeroport orqali yiliga 2 million tonnaga qadar yuk tashish ko‘zda tutilgan.
Olti qirrali yulduz yoki afsonaviy qushni yodga soluvchi aeroport terminali marhum arab me’mori Zaha Hadid (1950-2016) loyihasi asosida bunyod etilgan. «Yulduz»ning har bir «qirrasi»da xitoy me’morchiligi an’analarini ko‘rish mumkin.
Pekinning asosiy havo darvozasi sanalgan «Shoudu» aeroporti 1950-yillarda qurilgan bo‘lib, u yiliga 100 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Keyingi yillarda ushbu aeroportda yo‘lovchi qatnovi hamda yuk hajmi haddan ziyod ko‘payib ketgan edi. Shu bois mamlakat rahbariyati poytaxtga yondosh hududda yangi aeroport qurishga qaror qilgan.
Xabarlarga qaraganda, Sky Team ittifoqiga kiruvchi aviakompaniyalar qatnovlarni yangi aeroportga ko‘chiradi, Star Alliance guruhi a’zolari esa faoliyatini «Shoudu» aeroportida davom ettiradi. Yangi havo qo‘nalg‘asi to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun bir necha yil kerak bo‘lishi aytilmoqda.
Marhamat, Dasin xalqaro aeroportiga fotosayohat qiling! Suratlar «Sinxua», «Reyter» hamda TASS axborot agentliklari tomonidan olingan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter