Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ulg‘aygan kurashchi «Ukraina qahramoni» unvoniga sazovor bo‘ldi

O‘zbekistonda ulg‘aygan kurashchi «Ukraina qahramoni» unvoniga sazovor bo‘ldi

Qrim tatarlarining yetakchisi, Ukraina parlamenti deputati Mustafo Jamilov 13 noyabr kuni, 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan «Ukraina qahramoni» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. 

M.Jamilovni yuksak unvon bilan qutlagan prezident Vladimir Zelenskiy uni «hayotini xalqi ozodligiga bag‘ishlagan kuchli va jasur inson» deb atagan.

M.Jamilov e’tirof uchun tashakkur bildirar ekan, vatani – Qrimga qaytish va o‘sha yerda mangu orom topish orzusida ekanini bildirgan.

Mustafo Jamilov 1943 yili Qrimda tug‘ilgan. 1944 yili sho‘ro hokimiyati 250 mingdan ziyod qrim tatarlari jamoasini vatanidan Markaziy Osiyo respublikalariga surgun qiladi. Ochlik, tashnalik, turli xastaliklar hamda ona yurt firoqi sabab ularning yarmi yo‘lda vafot etadi. Qrim tatarlarining bir kechadan vatanidan badarg‘a etilishi insoniyat tarixidagi eng mudhish amaliyotlaridan biri deb baholanadi.

M.Jamilov oilasi O‘zbekistonga surgun qilingan. Shu tariqa uning bolaligi Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida kechgan. M.Jamilov Gulistondagi maktabni bitirib, bir muddat Toshkent aviatsiya zavodida faoliyat yuritgan.

1969 yili maslakdoshlari bilan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashabbus guruhini ta’sis etgan M.Jamilov aksilsho‘ro faoliyatida ayblanib, oliy o‘quv yurtidan haydalgan, yetti bor mahkamaga tortilgan. Umrining jami 15 yilini qamoqda o‘tkazgan. Ta’qib, taqiq va tazyiqlarga qaramay, o‘z xalqi ozodligi yo‘lidagi kurashni davom ettirgan va 1989 yili vatani Qrimga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. 2013 yilga qadar Qrim tatar majlisiga raislik qilgan.

2014 yili Qrimning Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishiga keskin qarshi chiqqan.

Rossiya huquq idoralari qrim tatarlari yetakchisiga qarshi turli ayblovlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘agan, uning Qrimga kirishi ham taqiqlangan.

Inson haqlari kurashchisi Mustafo Jamilov BMTning Nansen mukofoti bilan taqdirlangan. Bir necha bor Nobel hamda Saxarov mukofotlariga nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Camarqandda tug‘ilgan Rustem Umerov – Ukraina mudofaa vaziri etib tayinlangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring