O‘zbekiston kelishilgan elektrning 40 foizinigina yetkazib beryapti – Afg‘oniston shirkati
Afg‘onistonning «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) kompaniyasi O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti bo‘yicha shartnomada ko‘rsatilgan kunlik 250 megavatt o‘rniga 100 megavatt (40 foiz) elektr energiyasi yetkazib berayotganini ma’lum qildi.
DABS rahbari Hikmatulla Axundzodaning aytishicha, bu miqdordagi elektr energiyasi mamlakatdagi elektr energiyasi muammolarini hal qilmayapti.
Kobul Sanoat va konlar palatasi esa elektr quvvati taqchilligi sababli tizimdagi ishlarning 90 foizi faoliyati to‘xtatilganini aytdi.
«Kobul sanoat parklari elektr ta’minotisiz qolganiga 20 kun bo‘ldi. Ishlab chiqarish tarmoqlarining 90 foizi to‘xtatildi. Umid qilamanki, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan texnik muammolar Islom Amirligi va O‘zbekiston o‘rtasida tez orada hal qilinadi», – deydi palata rahbari o‘rinbosari Saxi Ahmad Payman.
DABS sobiq rahbari Omonulla G‘olibning aytishicha, shirkat Turkmanistondan 500 kilovatt quvvat olish ustida ishlashi kerak.
«Osiyo taraqqiyot banki qo‘llab-quvvatlovi bilan 500 kilovattlik kabel Puli-Xumri orqali o‘tayotgan edi. Ammo Osiyo taraqqiyot bankining loyihalari to‘xtab qolgan. Yagona yechim shuki, xususiy sektor yoki DABS sarmoya kiritib, loyihani yakunlaydi», – deydi Omonulla G‘olib.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13-yanvar kuni texnik nosozliklar tufayli O‘zbekistondan Afg‘onistonga eksport qilinadigan elektr energiyasi to‘xtatilgan, 25-yanvar kuni esa yetkazib berish qayta tiklanishi haqida aytilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter