Ozarbayjon Tehrondagi diplomatlarini evakuatsiya qildi
Tehrondagi elchixonaga hujum paytida halok bo‘lgan Ozarbayjonning Erondagi elchixonasi xodimlari, ularning oila a’zolari va xavfsizlik xizmati rahbarining jasadi Bokuga olib kelindi.
Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xalaf Xalafov Tehrondan kelganlarni kutib olish marosimida matbuotga Tehrondagi elchixonaga uyushtirilgan hujum terrorchilik harakati ekanligini ta’kidladi.
Vazir o‘rinbosari elchixonaga qilingan hujum mutlaqo kutilmagan hodisa bo‘lganini ta’kidlab: «Buni qabul qilib bo‘lmaydi. Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga ko‘ra, har bir davlat mamlakatdagi elchixonalar xavfsizligi uchun javobgardir. Eron o‘z majburiyatlariga muvofiq, terrorchilik harakatini har tomonlama va shaffof tarzda tekshirishi, aybdorlar va ularning ortida turgan kuchlarni aniqlab, ularni jazolashi kerak. Bu bizning Erondan aniq talabimiz. Eronga esa ishonchimiz yo‘q», – deydi.
Xalafov, shuningdek, voqeaga oydinlik kiritish uchun tegishli xalqaro mexanizmlardan foydalanishni rejalashtirayotganlarini ma’lum qilib, ayni paytda Erondan diplomatlarini mamlakatga evakuatsiya qilishga qaror qilinganini ta’kidladi.
«Prezidentimiz Tehrondagi elchixonani evakuatsiya qilishga qaror qildi. Bu qiyin qaror bo‘lsa-da, hozirgi vaziyatdan va mas’uliyatdan kelib chiqib qaror qilindi. Bizning ularga nisbatan umidimiz ham, ishonchimiz ham yo‘q», – deydi u.
Ozarbayjon TIV mutasaddisining ma’lum qilishicha, Tehrondagi elchixonaning diplomatik faoliyati butunlay to‘xtatilgan. Bino va mulkni qo‘riqlash uchun 5 kishi qolgan, ammo ular diplomatik faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. Mamlakatning Tabrizdagi Bosh konsulligi esa faoliyatini davom ettirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter