Ozarbayjon tarixida ilk bora navbatdan tashqari saylov bo‘lib o‘tmoqda

Bugun 9 fevral kuni Ozarbayjon tarixida ilk bora navbatdan tashqari saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatning Milliy Mejlis parlamentiga 125 nafar deputat 5 yil muddatga saylanadi. Siyosiy tadbirlar 125 ta saylov okrugi va 5573 ta uchastkada tashkil etilgan. Umumiy ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar soni 5 mln 300dan ortiq.
Ayni paytda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari xususan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillari ham saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda. Ular okrug va uchastkalarga tashrif buyurib saylovlarning shaffof va ochiqligini, saylovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda saylov jarayonlariga tatbiq qilingan zamonaviy axborot texnologiyalari bilan tanishib boradilar.
Milliy Mejlis deputatligiga 1321 nafar nomzod ro‘yxatga olingan, ya’ni har bir o‘rin uchun 19 ta siyosiy partiyaning 11 nafar nomzodi kurash olib boradi. Nomzodlarning 295 nafarini ayollar tashkil etadi. Ozarbayjonda siyosiy tadbirlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash maqsadida 2005 yildan buyon barmoqlarni rangsiz siyoh bilan belgilash amaliyoti qo‘llanib kelinmoqda.
Bunda saylovchilar chap qo‘lining bosh barmog‘iga komissiya a’zolari tomonidan rangsiz siyoh surtiladi va ular o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga yashirin ovoz berish orqali byullitenga belgi qo‘yadi.
Ozarbayjon MSK tomonidan 58 davlatning 59 xalqaro tashkilotlaridan bo‘lgan 883 nafar xorijiy kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Shuningdek, jarayonlarni 130 dan ortiq chet el OAV vakillari ham kuzatib borishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter