Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon ombudsmani Xo‘jali fojiasi aybdorlarini jazolashni talab qildi

Ozarbayjon ombudsmani Xo‘jali fojiasi aybdorlarini jazolashni talab qildi

Ozarbayjon Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sabina Aliyeva 26 fevral – Xo‘jali qatliomi kuni munosabati bilan xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘lladi. Unga ko‘ra,  31 yil avval Qorabog‘ mintaqasidagi Xo‘jali shahrini egallab, qirg‘in sodir etgan shaxslar xalqaro mahkama tomonidan jazolanishi lozim.

«Adolatni tiklash va Armaniston tomonidan sodir etilgan Xo‘jali qatliomi – insoniyatga qarshi va harbiy jinoyatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun dunyo davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar hodisaga siyosiy-huquqiy baho bermog‘i lozim. Genotsid aybdorlari xalqaro sudda javob berishi, bu yo‘nalishda qat’iy choralar ko‘rilishi kerak», – deyiladi bayonotda.

Ozarbayjon ombudsmaniga ko‘ra, Xo‘jali genotsidi XX asrning eng yirik fojialaridan biri sifatida tarixga kirgan.

1992 yil 26 fevralga o‘tar kechasi Armaniston harbiy guruhlari sho‘ro armiyasining 366-motoo‘qchi polki ko‘magida Xo‘jalini egallab, og‘ir jinoyatlar sodir etgan, qadimiy shaharni vayron qilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha mash’um tunda 613 kishi (63 nafar bola, 106 nafar ayol va 70 nafar keksalar) o‘ldirilgan, 487 kishi yaralangan. 1257 kishi garovga olingan. Bedarak yo‘qolgan 150 kishining taqdiri haqida haligacha ma’lumot yo‘q.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil S.Aliyevaning ta’kidlashicha, etnik tozalash maqsadida uyushtirilgan qirg‘in oqibatida xalqaro huquq me’yorlari poymol etilgan.

Ozarbayjon ombudsmanining aybdorlarni jazolash talab qilingan rasmiy murojaatnomasi BMT Bosh kotibi, BMT Xavfsizlik kengashi, BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari, UNISEF, UNESKO, YI, YXHT va boshqa yetakchi xalqaro tuzilmalar rahbarlariga yo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, dunyoning 17 davlati hamda AQShning 24 shtatida Xo‘jali fojiasi genotsid deb tan olingan. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi 2010-yil 22-apreldagi qarorida Xo‘jalida sodir etilgan qilmishlarni harbiy jinoyat deb malakalagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring