Ozarbayjon: ham fojia, ham qahramonlik kuni

Bugun, 20-yanvar kuni Ozarbayjon xalqi 33 yil avval ro‘y bergan fojiali hodisalarni yodga olib, mustaqillik uchun jonini fido qilgan o‘g‘il-qizlari xotirasiga hurmat bajo keltirmoqda, deb xabar berdi mamlakat rasmiy axborot agentligi.
1990-yilning 20-yanvarida Ozarbayjon poytaxti Bokuga sovet armiyasi jangovar qismlari kiritildi. Harbiylar agressiyaga qarshi namoyishga chiqqan minglab ozarbayjonliklarni shafqatsiz jazolagan. Tinch namoyishchilar tank, pulemyot va avtomatlardan o‘qqa tutilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, yanvar hodisalarida 150 nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgan, 744 nafari jarohatlangan. Qurbonlar orasida ayollar, bolalar va qariyalar ham bo‘lgan. 850 ga yaqin namoyishchi hibsga olingan, 5 kishi bedarak yo‘qolgan. Taloto‘p payti yuzlab uy va mashinalar vayron qilingan, xususiy va davlat mulklariga zarar yetkazilgan.
Fojianing ertasi kuni mamlakat rahbari Haydar Aliyev Moskvadan aybdorlarni jazolashni talab qilgan va SSSR Kommunistik partiyasi safidan chiqqanini e’lon qilgan.
«1990-yil 20-yanvar sanasi ozarbayjon xalqi tarixining eng fojiali, ayni choqda, qahramonlik va mardlik sahifalari sanaladi. O‘ylaymanki, biz o‘sha kunlardan qancha uzoqlashsak, uning ozarbayjon xalqi tarixidagi ahamiyatini shuncha yaxshi anglaymiz», – degan edi H.Aliyev o‘z davrida.
20-yanvar Ozarbayjon mustaqilligi va hududiy yaxlitligi yo‘lidagi kurash kuni sifatida tarixga kirgan. O‘sha kuni jonini fido qilgan insonlar dafn etilgan maskanda keyinchalik Shahidlar xiyoboni bunyod etilgan. Mazkur sana mamlakatda Umumxalq motam kuni deya e’lon qilingan. 2000 yilda Ozarbayjon prezidenti farmoni bilan halok bo‘lganlarning barchasiga «20 yanvar shahidi» faxriy unvoni berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter