Ozarbayjon Armanistonga talab bilan chiqdi
Ozarbayjon Armanistondan minalarga doir aniq ma’lumotlar berilishini kutmoqda. Bu haqda Ozarbayjon prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Elchin Amirbekov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ozarbayjon mina muammosining dolzarbligini anglagan holda hududni minalardan tozalash bo‘yicha asosiy ishlarni o‘z hisobidan amalga oshirmoqda.
«Bu biz boshqa davlatlardan umuman ko‘mak kutmayotganimiz va o‘z ishimizni o‘zimiz qilayotganimizni ko‘rsatadi. Ayni chog‘da, xalqaro hamjamiyat ham ushbu masalaga munosib e’tibor qaratishi muhimdir. Armaniston talabimizga muvofiq (minalarga doir) aniq ma’lumotlarni yetkazishi lozim deb hisoblaymiz. Bu ikki tomon o‘rtasida ishonchning muhim omili deb ko‘riladi», — dedi maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakil.
Elchin Amirbekov Yerevan tomonidan Bokuga taqdim etilgan minaga doir ma’lumotlar talabga javob bermasligi, to‘kis-tugal emasligini qayd etgan.
Ma’lumot o‘rnida, Ozarbayjon 2020-yilning 27-sentyabridan 10-noyabriga qadar davom etgan 44 kunlik urush yakunida arman okkupatsiyasi ostida bo‘lgan Qorabog‘ni ozod qilib, hududiy yaxlitligini tikladi. Ayni vaqtda tiklash ishlari olib borilayotgan Qorabog‘dagi asosiy muammolardan biri hududni minalardan tozalash bo‘lib qolmoqda.
Bir muddat oldin prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjon dunyoning eng ko‘p mina qo‘yilgan davlatlari sirasiga kirishi, okkupatsiya davrida mamlakat hududiga bir milliondan ziyod mina joylashtirilganini aytgan edi.
«Ikkinchi Qorabog‘ urushi yakunidan keyingi ikki yil davomida Ozarbayjonning 250 nafar fuqarosi mina portlashidan vafot etdi yoki og‘ir jarohatlandi. Xalqaro mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, Ozarbayjonga minalarni tozalash masalasini hal etish uchun qariyb 30 yil va 25 milliard dollar mablag‘ kerak bo‘ladi», — degan edi Ozarbayjon rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter