Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘t bilan o‘ynashmang!» – Xitoy urush ochish bilan tahdid qildi

«O‘t bilan o‘ynashmang!» – Xitoy urush ochish bilan tahdid qildi

Foto: «UPI»

Xitoy mudofaa vazirligi Tayvan mustaqillik yo‘lida shu taxlit qaltis harakat qilaversa, unga qarshi urush ochilishini e’lon qildi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, Tayvan mustaqilligiga intilish urush boshlanishini anglatadi.

So‘nggi paytlarda Xitoy harbiy havo kuchlariga qarashli samolyotlarning Tayvan oroliga bir necha bor yaqinlashgani qayd etilgan. Xitoy mudofaa vazirligi bu holatni milliy xavfsizlikni himoya qilish yo‘lidagi harakat deb atagan.  

«Bu – tashqi kuchlarning aralashuvi hamda Tayvan mustaqilligi tarafdorlarining provokatsiyalariga javobdir. Biz Tayvan mustaqilligini bayroq qilayotgan kuchlarni ogohlantiramiz: kimki o‘t bilan o‘ynashsa, o‘zi ham olov ichida qoladi. Tayvan mustaqilligi bu – urush demakdir»,  – deyiladi Xitoy mudofaa vazirligi bayonotida.  

Rasmiy Pekin Tayvan hukumatining orolni mustaqil deb e’lon qilishidan qattiq xavotirlanmoqda. Urush ochilishi haqidagi ogohlantirish ham, aslida, Tayvan prezidenti Say Invenni qo‘rqitib qo‘yish maqsadida berilgani aytilmoqda. Tayvan prezidentining o‘zi esa orol-mamlakat shundoq ham mustaqil ekani, rasmiy mustaqillikning aslo keragini yo‘qligini ta’kidlab keladi. 

Xitoy Tayvanni o‘zining ajralmas tarkibiy qismi deb hisoblaydi. O‘z konstitutsiyasi, armiyasi hamda saylangan hukumatiga ega Tayvan ahli esa o‘zlarini mustaqil davlat fuqarolari deb biladilar.

1949-yildan buyon Tayvan hukumati orolni Xitoydan mustaqil holda idora etib keladi. Rasmiy Pekin orol ma’muriyati faoliyatini xalqaro maydonga cheklashga urinadi. Garchi Tayvan mustaqilligini dunyo bo‘yicha bir necha davlat tan olgan bo‘lsa-da, ushbu maqom tijorat va savdoda muhim ahamiyat kasb etadi.

Keyingi yillarda ikki o‘rtadagi ziddiyat keskin kuchaydi. Ilgari shunchaki do‘q-po‘pisalar bilan cheklangan Xitoy ma’muriyati jiddiy ravishda urush xataridan ogohlantirmoqda.  Negaki, Xitoy uchun Tayvanning maqomi, xuddi Honkong kabi «qizil chiziq» vazifasini o‘tamoqda.

AQShning yangi prezidenti Jo Bayden esa Tayvanni qo‘llab-quvvatlash niyatida.

Yangi ma’muriyat Xitoyga inson huquqlari, savdo ziddiyatlari qatorida Tayvan va Honkong masalasida ham bosim siyosatini yuritishi kutilmoqda. Xitoy mudofaa vazirligining urush ochish haqidagi ogohlantirishi ham Vashington tomonidan afsuslanarli qadam deb baholangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring