Rossiya va Belarus oliy rahbariyati uchun maxsus tribunal tuzishmoqchi
Yevroparlament deputatlari ko‘pchilik ovoz bilan Rossiya va Belarus siyosiy va harbiy rahbariyatini Ukrainaga qarshi tajovuz uchun javobgarlikka tortish uchun maxsus tribunal tashkil etish to‘g‘risidagi rezolyusiyani qabul qildi. Bu haqda Yevroparlament matbuot xizmati xabar berdi.
«Parlament maxsus tribunalning tashkil etilishi Rossiya jamiyatiga ham, xalqaro hamjamiyatga ham prezident Putin va Rossiya rahbariyati Ukrainaga qarshi jinoiy tajovuz uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq signal berishiga qat’iy ishonadi», — deyiladi Yevroparlament press-relizida.
Deputatlar, shuningdek, ushbu tribunalning tuzilishi xalqaro jinoiy sudlovdagi «bo‘shliqni to‘ldirishi» uchun zarurligini qayd etishdi. Chunki Xalqaro jinoiy sud Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi bo‘yicha ishni tergov qilish, shuningdek, Rossiya va Belarus yuqori rahbariyatini javobgarlikka tortish uchun yurisdiksiyaga ega emas.
Ta’kidlash lozimki, Yevroparlament rezolyusiyasi majburiy qonuniy kuchga ega emas.
Rossiya rahbariyati uchun maxsus tribunal tashkil etish mavzusi deyarli urushning boshidanoq u yoki bu darajada muhokama qilinadi, ammo G‘arb davlatlari bu imkoniyatni faqat kuzda jiddiy ko‘rib chiqa boshladilar. Xususan, oktabr oyida Yevropa Kengashining Parlament Assambleyasi rezolyusiya qabul qilib, unda Yevropa Kengashi a’zolarini Rossiyani «terrorchi rejim» deb tan olishga va maxsus xalqaro tribunal yaratishni tezlashtirishga chaqirgan edi. Noyabr oyida kengash rahbari Ursula fon der Lyayen BMT shafeligida Ukraina bo‘yicha maxsus xalqaro tribunal yaratishni taklif qilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter