Olimlar ikki kunda 80 million kishini o‘ldirishi mumkin bo‘lgan kasallikdan ogohlantirishmoqda
Global tayyorgarlik monitoringi kengashi (GPMB) olimlari 36 soatda butun dunyoga tarqab, 80 million kishini o‘ldirishi mumkin bo‘lgan pandemiya (o‘ta kuchli epidemiya) xavfidan ogohlantirishmoqda. Tashkilotning «Dunyo xavf ostida» hisobotida bu haqda batafsil so‘z boradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, hozirgacha ma’lum yoki yangi o‘nlab viruslar «X kasallik»ka aylanishi mumkin. O‘lim keltiruvchi balo bo‘lishga asosiy da’vogarlar: grippning besh virusi, Ebola, Denge va Zika viruslari hamda sariq bezgak.
Ma’ruzada insoniyat hozirda pandemiyaning «real xavfi»ga tayyor emasligi aytilgan va qator omillar misol keltirilgan. Masalan, o‘tgan 100 yilda pandemiya tarqashi ko‘p karra oshdi — har kuni millionlab insonlar samolyotlarda mamlakatlardan mamlakatlarga, qit’alardan qit’alarga sanoqli soatlarda yetib olishyapti. Buning oqibatida qotil-viruslar butun sayyoramiz bo‘ylab tarqashi uchun 36 soat ketadi, xolos.
«Katta tezlikda bir joydan ikkinchi joyga ko‘chuvchi patogenlar salohiyatini tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli. Ular millionlab odamlarni o‘ldirish, iqtisodiyatlarni tanazzulga uchratish, milliy xavfsizlikni izdan chiqarish qudratiga ega», — deyiladi hisobotda.
Olimlar ayni paytda ko‘p mamlakatlar hukumatlarining epidemiyalarga qarshi hozirlik darajasini yetarli emas, deyishmoqda. Ular ogohlantirishmoqdaki, bu kasallik, xuddi ispanka kabi, ikki kunga ham yetmasdan 80 million insonning yostig‘ini quritib, jahon iqtisodiyotiga ulkan ziyon yetkazishi xavfi bor.
Ma’lumot uchun: Ispan grippi yoki «ispanka» — insoniyat tarixidagi eng ulkan va ayanchli gripp pandemiyasi hisoblanadi. 1918–1919-yillarda (18 oyda) dunyo bo‘ylab ispankani qariyb 550 million kishi yoki sayyoramizning 29,5 foiz aholisi yuqtirgan. O‘lganlar soni taxminan 50–100 mln. kishi (!) yoki sayyoramizning 2,7–5,3 foiz aholisi.
Epidemiya Birinchi jahon urushining so‘nggi oylarida tarqagan va uning qurbonlari soni ko‘p o‘tmay o‘sha paytdagi eng yirik jahon urushi qurbonlari sonidan ham oshib ketgan. Aytishlaricha, pandemiyaga aynan urush sabab bo‘lgan: sanitariya holatining juda yomonligi, yomon ovqatlanish, harbiy va qochoqlar lagerlarining o‘ta tig‘iz joylashganligi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter