Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ogoh bo‘ling: tirnoq laki hayot uchun xavfli

Ogoh bo‘ling: tirnoq laki hayot uchun xavfli

Foto: «Nurlat-tat»

Tirnoq lakida tanaga tiklanmas zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yuqori toksik modda bor. Bu haqda «NTV» telekanalida bir qancha shifokor va ekspertlar ma’lum qilishgan.

Tirnoq vositasi quyuqlashib qolmasligi uchun unga formaldegid, chiroyli bo‘lishi uchun toluol, lak yorilib ketmasligi uchun dibutilftalat qo‘shishadi.

— Dibutilftalat odamning endokrin va reproduktiv tizimiga ta’sir o‘tkazadi. U ayrim mamlakatlarda taqiqlanadi. Formaldegid ham yuqori toksik birikma sanaladi. Taxminlarga ko‘ra, u onkologik kasalliklarni chaqiradi, — deb ta’kidlaydi N.D.Zelinskiy nomli organik kimyo instituti tadqiqotchi-muhandisi Olga Mulina.

Toksikolog Yevgeniy Kovalevning izohlashicha, birikmalarning xavfli ta’siri ularni ishlatgandan so‘ng o‘n yil o‘tib yuzaga chiqishi mumkin.

— Jigarga ta’sir ko‘rsatishi, sirroz, obstruktiv bronxitni keltirib chiqarishi mumkin, — deydi u.

Yaroqlilik muddati o‘tgach lakdagi tarkibiy qismlar yangi toksik birikmalarni hosil qiladi. Ko‘pgina manikyur saloni xodimlari bu moddani faqat bo‘yoq rangiga qarab farqlashadi, qadog‘ining butunligiga va ishlab chiqarilgan sanasiga e’tibor berishmaydi, deyiladi materialda.

Tirnoq laklari ishlab chiqaruvchi korxona direktori Shamil Magerramovning fikricha, aksariyat salon egalari bu turdagi kosmetik vositalarni eng arzon tarkibiy qismlardan o‘zlari yasab olishadi.

— Zaharli bo‘lsayam arzonrog‘ini olishga harakat qilishadi (bunday lakning tarkibiy qismlaridan biri – metakrilat). U roppa-rosa 30 kun saqlanadi, mijoz esa bilmasdan kelaveradi. Bu shunchaki daromad qilishning yo‘li, — deb tushuntiradi u.

Shifokorlar 3-FREE yoki 5-FREE yozuvi bo‘lgan laklardan foydalanishni maslahat berishadi. U uchta yoki beshta xavfli moddadan xoli ekanini anglatadi. Bundan tashqari, mahsulot qadog‘ida bo‘yoqning ochilgandan so‘ng qancha vaqtgacha saqlanishi mumkinligi ko‘rsatilishi zarur.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring