Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OAV: Eron Rossiyani «katta terakt»dan ogohlantirgan

OAV: Eron Rossiyani «katta terakt»dan ogohlantirgan

Eron «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan sal oldin Rossiyani yirik «terrorchilik operatsiyasi» o‘tkazish ehtimoli haqida ogohlantirgan, deb yozadi Reuters agentligi uchta manbaga asoslanib.

«Rossiyadagi teraktdan bir necha kun oldin Tehron Moskva bilan Rossiya hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik terakt haqida Erondagi portlashlar bo‘yicha hibsga olinganlarni so‘roq qilish chog‘ida olingan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi», dedi agentlik manbalaridan biri.

Eron tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda hujumning maqsadi va vaqti haqida aniq ma’lumotlar yo‘q bo‘lgan, dedi ikkinchi manba. Unga ko‘ra, Eron IShID a’zolariga Rossiya hududida keng ko‘lamli operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berilganini aniqlagan va terrorchilardan biri allaqachon bir necha jangari bilan Rossiyaga jo‘nab ketganini aytgan.

«Eron ko‘p yillar davomida terrorchilik hujumlari jabrlanuvchisi bo‘lganligi sababli, hibsga olingan terrorchilardan olingan ma’lumotlarga asoslanib, Moskvani ogohlantirish majburiyatini bajardi», deydi uchinchi manba, yuqori martabali razvedka xodimi.

Reuters jurnalisti Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan ushbu ma’lumot haqida so‘radi. Peskov esa bundan xabari yo‘qligini bildirgan. 

Yanvar oyi boshida Eron janubidagi Kirmon shahrida portlashlar yuz berib, yuzga yaqin odam halok bo‘lgan edi. Terakt qurbonlar soni bo‘yicha Islom Respublikasi mavjud bo‘lgan davrda (1979 yildan beri) eng kattasi bo‘ldi. O‘sha oyda Eron rasmiylari portlashlarga aloqadorlikda gumon qilingan 35 kishi qo‘lga olingani va Afg‘onistonda joylashgan IShID Xuroson bo‘limi  qo‘mondoni hibsga olinganini e’lon qildi. Hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring