Nepalda samolyot ikkita vertolyot bilan to‘qnashib ketdi
Nepalning Lukla shahrida Summit Air aviakompaniyasiga tegishli samolyot ikkita vertolyot bilan to‘qnashib ketdi.
To‘qnashuv Tensinga va Xillari nomidagi aeroportda ro‘y berdi. Ushbu aeroport dunyodagi eng xavflilaridan hisoblanadi. Let L-410 samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi va to‘xtash joyida turgan ikkita vertolyotga borib urildi. Vertolyotlardan biri ikkiga bo‘linib ketgan bo‘lsa, ikkinchisi biroz shikastlangan.
Xabarda aytilishicha, Let L-410 qaytish reysiga chiqqani bois samolyotda na yuk va na yo‘lovchilar bo‘lgan. Fojea natijasida uchuvchilardan biri va ikki politsiyachi halok bo‘ldi. Yana bir uchuvchi va endigina qo‘nib turgan vertolyotlardan birining ekipaji tan jarohatlari olgan.
Hozircha halokat sabablari aytilmayapti. Lukla shahridagi aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi uzunligi 537 metrni tashkil etadi. Qo‘nish uchun ajratilgan yo‘lakning bir tomoni jarlikka borib tutashadi. Uchish yo‘lagi oxirida esa qoya joylashgan.
Aeroport faqat vertolyotlar va uchish-qo‘nish uchun qisqa masofa kifoya qiladigan samolyotlarga xizmat qiladi. Landshaft va yomon ob-havo tufayli aeroport faqat kunduz kuni ishlaydi. Lukla shahriga qatnaydigan samolyot va vertolyotlarda faqat tajribali uchuvchilar parvozni amaga oshiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter