Nega jazoirliklar Buteflikaning «beshinchi prezident» bo‘lishiga qarshi?
Jazoirdagi namoyishlar minglab odamlarni to‘plamoqda. Amaldagi prezident Abdulaziz Buteflika o‘z nomzodini navbatdagi marotaba saylovlarga qo‘yishi jazoirliklarning sabr kosasini to‘ldirib yubordi. Shimoliy Afrika mamlakatidagi voqealar tafsilotini «Euronews» yozmoqda.
Mamlakatda namoyishlar fevral oyi o‘rtalaridan boshlanib ketdi va borgan sayin kattalashib boryapti. O‘tgan juma, 1-mart kuni kamida 800 ming kishi namoyishga chiqdi.
Garchi tashkilotchilar namoyishlar tinch o‘tishiga va’da berib, namoyishchilarga politsiya kordonlaridan ikki metr masofa saqlashni so‘rashganiga qaramay, baribir qonli to‘qnashuvlar bo‘ldi. Kamida bir odam halok bo‘ldi, jarohatlanganlar, politsiya tomonidan hibsga olinganlar sanoqsiz.
Namoyishlar mamlakat tashqarisida ham davom etmoqda. Parijda yashovchi yuzlab jazoirliklar yakshanba, 24-fevral kuni Respublika maydonida to‘planib, nomzodi beshinchi marotaba prezidentlikka ko‘rsatilgan Buteflikadan noroziliklarini bildirishdi.
Namoyishlar sababi nimada?
Buteflika qariyb yigirma yil, 1999-yilning aprelidan beri Jazoirni boshqarmoqda. Keksa siyosatchining nomzodi beshinchi marta prezidentlikka ko‘rsatilganidan so‘ng, 16 fevral kuni mamlakatda namoyishlar boshlanib ketdi.
Ushbu bayonot 2011-yildagi «arab bahori»dan beri Jazoirdagi eng katta namoyishga sabab bo‘ldi. Odamlar Buteflika o‘z nomzodini qaytarib olishini talab qilishyapti. Ular ko‘tarib olgan shiorlarda quyidagi jumlalarni o‘qiymiz: «Yo‘qolsin beshinchi muddat!», «Yo‘qolsin korrupsiya!».
Ijtimoiy tarmoqlardagi chorlovlar yuzlab talabalarni darslarni tashlab chiqib, Jazoir universitet shaharlarida 26 fevral kuni o‘tkazilgan namoyishlarda qatnashishga undadi.
28-fevral kuni esa Jazoir poytaxtida o‘nlab jurnalistlar «erkin va demokratik matbuot»ni talab qilib chiqishdi. Ular namoyishlarni yoritishdan bosh tortgan o‘z nashrlariga norozilik bildirishdi.
Buteflika mamlakatni qanday boshqaradi?
Yaqinda 82 yoshini qarshilagan Buteflika olti yil muqaddam insultni boshidan o‘tkazgan va o‘shandan beri xalqqa deyarli ko‘rinish bermayapti, arang gaplashadi, nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan. Ayni paytda u Shveysariyadagi shifoxonada davolanmoqda. Ahvoli shunchalik yomonki, hatto mustaqil ravishda nomzodini taqdim etishgayam yaramadi, bu Jazoir qonunchiligiga zid!
Aksariyat namoyishchilarning nazarida Buteflikaning prezidentligi — niqob, uning ortida harbiy-siyosiy elita hamda biznesmenlar turibdi.
Shunga qaramasdan, o‘tkazilgan so‘rovnoma xalqning katta qismi yana amaldagi prezidentga ovoz berishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Chunki ko‘pchilik hukumatning almashishi barqarorlikni izdan chiqarib, mamlakat uchun salbiy ta’sirini o‘tkazadi degan xavotirda.
Buteflika 1999-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan saylovlarning barchasida 73,8 foizdan 90,2 foizgacha ovoz to‘plab, masalani birinchi turdayoq hal qilgan.
Namoyishlar faqat Buteflikaga qarshi qaratilmagan. Yoshlar mamlakatdagi murakkab iqtisodiy vaziyat qurboni bo‘lmoqda. Jazoir yoshlarining har uchinchisi ishsiz. Aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakat aholsining 54 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda.
Jazoir 2000 — 2013-yillar oralig‘ida neft orqasidan trillon dollardan ko‘proq daromad oldi, biroq korrupsiya va zaif iqtisodiyoti sababli jahon bozorida raqobatga dosh bera olmayapti. Daromadlarning keskin tushib ketishi va mamlakat zaxirasida 80 milliarddan ozroq mablag‘ qolgani shundoq ham og‘ir iqtisodiy vaziyatni yomonlashtirmoqda. Yigirma yil oldin, hukumatni egallaganidagi singari, «fuqarolik tinchligini sotib olishga» endi Buteflikaning qo‘li kaltalik qiladi.
Jazoir — hududi bo‘yicha Afrikadagi eng katta, jahondagi 10-mamlakat. Aholisi — 42 million kishi. Mamlakat Mag‘rib va Afrika mamlakatlari siyosatida bosh rollardan birini o‘ynaydi, Yevropa ittifoqi mamlakatlariga tabiiy gaz yetkazishda uchinchi o‘rinda turadi. Shu bois ham hozir, Jazoirdagi bo‘lajak saylovlar arafasida barqarorlik masalasi har qachongidan muhim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter