Navalniy Rossiya–Ukraina urushi qanday yakunlanishini aytdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi hech bir asosda oqlab bo‘lmaydigan adolatsiz urushni boshladi. Endi esa u o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun boshlagan urushga «xalq xohish-irodasi» degan to‘nni kiydirishga urinmoqda, deb yozdi ozodlikdan mahrum etish muassasasida jazo o‘tayotgan Aleksey Navalniy.
Putinning ashaddiy tanqidchisi sanalgan muxolif siyosatchi Ukraina urushiga bir yil to‘layotgan kunlarda chop etgan postida Rossiyaning ertangi kuni qanday bo‘lishiga doir mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashgan.
Navalniy Rossiyadagi siyosiy-iqtisodiy muammolar va Putinning oliy hokimiyatda ko‘proq qolish istagini urushning asosiy sababi o‘laroq keltirgan. Unga ko‘ra, Putin tarixga yangi hududlarni egallagan podshoh sifatida kirmoqchi.
Qayd etilishicha, 2022 yil 24 fevral kuni boshlangan bosqinchilik urushi minglab begunoh ukrainlarning bevaqt o‘limiga, millionlab insonlarning azob-uqubatiga sabab bo‘ldi. Ukraina shaharlari vayron etildi, harbiy jinoyatlar amalga oshirildi. Ayni choqda, o‘n minglab rus askarlari qurbon etildi.
«Muqarrar harbiy mag‘lubiyatni yana yuz minglab safarbar askarlar joni evaziga biroz ortga surish mumkin, lekin undan baribir qochib qutulib bo‘lmaydi... Kremlning o‘t ochishni to‘xtatish va muzokara o‘tkazish haqidagi soxta va munofiqona chaqiriqlari ham harbiy harakatlar istiqboli qanday ekanini ko‘rsatib turibdi», – deb yozdi Navalniy.
Putin ma’muriyati Ukrainaning xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq tan olingan chegaralariga e’tiroz bildirib, hududlarga da’vo qilib kelayotgani sir emas. Siyosatchi bu masalaga ham o‘z munosabatini bildirgan.
«Ukrainaning chegaralari qanday? Xuddi Rossiyaniki kabi 1991 yilda belgilangan va xalqaro miqyosda tan olingan tarzda. O‘shanda biz, Rossiya ham uni tan olgan edik. Rossiya bu chegaralarni hozir ham tan olishi kerak. Bu masalada muhokamaga o‘rin yo‘q. Dunyodagi barcha chegaralarda tasodiflar mavjud va ular barchaga birdek ma’qul kelmaydi. Lekin XXI asrda chegaralarni o‘zgartirish uchun urush ochish mumkin emas. Aks holda dunyo boshboshdoqlikka yuz tutadi», – deb yozdi siyosatchi.
Navalniy imperiyachilik kayfiyati mamlakatni halokatga yetaklashidan ham ogohlantirgan.
«Rossiyaga yangi yerlar kerakmi o‘zi? Rossiya – aholisi tobora qisqarayotgan, muzofotlari puturdan ketayotgan ulkan mamlakat. Imperiyachilik kayfiyati va olchoqlarcha yangi hududlarga ko‘z tikish eng zararli va halokatli yo‘ldir», – deya mulohazalarini davom ettiradi u.
Navalniyning fikricha, Rossiya zudlik bilan Ukrainadan qo‘shinini olib chiqishi, xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda qo‘shni davlatga yetkazilgan zararni qoplash yo‘llari qidirilishi kerak.
Rossiya hozirgi mushkul vaziyatdan xalos bo‘lish uchun nima qilishi kerak?
Navalniy ta’biricha, Putin diktaturasiga barham berilishi, erkin saylovlar o‘tkazilishi, mamlakatda parlament respublikasi tizimi joriy etilishi, boshqaruv iqtisodiy erkinlik va ijtimoiy adolat tamoyillariga tayanishi lozim.
«O‘z tariximiz va an’analarimizni idrok etgan holda, biz Yevropaning bir qismi bo‘lishimiz va yevropacha taraqqiyot yo‘lidan yurishimiz kerak. Boshqa yo‘limiz yo‘q, boshqa yo‘l bizga kerak ham emas», – deb xulosa yasaydi A.Navalniy.
Avval xabar berganimizdek, Aleksey Navalniy 2022 yil 30 sentyabr kuni «The Washington Post» gazetasida chop etilgan maqolasida ham imperiyacha avtoritarizmni zamonaviy Rossiya uchun tavqila’nat deb atagan va mamlakat parlament respublikasiga aylanishi kerakligini uqtirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Germaniyada davolangan Navalniy 2021 yil 17 yanvar kuni Moskvaga qaytganida aeroportdayoq hibsga olingan.
2022 yilning mart oyida Moskva mahkamasi A.Navalniyni firibgarlik jinoyatida aybdor deb topib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Muxolifatchi ayblovlarni rad etgan va siyosiy faoliyati sabab ta’qibga uchrayotganini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter