Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navalniy hushiga keldi: endi hammasini aytib beradi

Navalniy hushiga keldi: endi hammasini aytib beradi

Foto: «Ruftv.ru»

Aleksey Navalniy yana tilga kirishi, ehtimol, samolyotda ahvoli yomonlashgan paytda nima yuz berganini eslashi mumkin, deb yozadi «Spiegel».

Nashrning ma’lum qilishicha, blogerning ahvoli kundan-kunga yaxshilanmoqda. Yaqin kunlarda ko‘proq mehmonlarni qabul qila olishi kutilmoqda. Hozircha uning yoniga faqat rafiqasi va shifokorlarni kiritishyapti.

Avvalroq «Spiegel» o‘z manbasiga tayanib, Berlin politsiyasi Navalniyni qo‘riqlayotgan odamlar sonini ko‘paytirgani to‘g‘risida xabar bergandi. Faqat «RIA Novosti» tahririyati jurnal bu ma’lumotlarni qayerdan olganini bilmasligini ma’lum qildi.

Matbuot kotibining reaksiyasi

Aleksey Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish o‘z navbatida «Spiegel»ning yozganlari bo‘rttirib yuborilganini aytgan.

«Maqolada noaniqliklar ko‘p», — deb yozgandi u «Twitter»da, lekin tafsilotlariga to‘xtalib o‘tirmagan.

Yaqinda «Die Zeit» gazetasi yozishicha, Bundesver farmakologiya va toksikologiya instituti Navalniy «Novichok» guruhiga mansub yangi takomillashtirilgan modda bilan zaharlangan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi. Nashrda ta’kidlanishicha, butun olam ushbu hujumgacha mazkur modda haqida bilmagan, biroq u eng xavfli va eng halokatli hisoblanadi. Aytishlaricha, uning qoldiqlari Navalniyning qo‘lida va u ichgan idish bo‘g‘zida aniqlangan.

Shunga qaramay, jangovar zaharlovchi modda ishlab chiquvchilardan biri Leonid Rink «RIA Novosti»ga bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytib, gazetada chop etilgan maqolani bo‘lmag‘ur gap deb atadi.

Navalniyning shifoxonaga tushishi

Navalniy 20-avgust kuni Tomskdan Moskvaga uchayotgan samolyotda ahvoli birdan yomonlashganidan so‘ng Omskda shifoxonaga yotqizildi. Bloger hushidan ketdi. Keyinchalik rafiqasining iltimosiga ko‘ra uni Berlindagi klinikaga ko‘chirishdi. Omsk tez tibbiy yordam shifoxonasi bosh shifokori Aleksandr Muraxovskiyning so‘zlariga ko‘ra, germaniyalik shifokorlar omsklik tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildirishgan, ular bemorning hayoti saqlab qolinganiga shubha qilishmagan.

«Sharite» klinikasi shifokorlari Navalniyning zaharlanganini e’lon qilishgandan so‘ng Muraxovskiy germaniyalik tibbiyot xodimlaridan nimaga asoslanib bunday xulosaga kelishganini so‘radi. Uning ta’kidlashicha, bemor shifoxonaga tushganda shunday taxmin bo‘lgan, biroq tasdiqlanmagan. Shifokorning aytishicha, germaniyalik hamkasblari ma’lum qilgan xolinesteraza darajasining pasayishiga ko‘pgina omillar sabab bo‘lishi mumkin: preparatlar qabulidan endogen omillargacha.

O‘tgan hafta Germaniya hukumati rossiyalik «Novichok» moddasiga o‘xshash jangovar modda bilan zaharlanganini e’lon qildi. 7-sentyabr kuni uni komadan chiqarishib, SO‘V apparatidan uzishdi. Yevropa Ittifoqi Moskvadan izoh talab qildi, Rossiya taraf Berlindan ularda mavjud ma’lumotlarni iltimos qilib so‘radi.

Rossiya prokuraturasi va politsiyasi Navalniy shifoxonaga yotqizilgan kundan boshlab tekshiruv ishlarini boshlab yuborishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring