Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Navalniy effekti». Rossiya tuzgan qora ro‘yxatga kimlar kirgani ma’lum bo‘ldi

«Navalniy effekti». Rossiya tuzgan qora ro‘yxatga kimlar kirgani ma’lum bo‘ldi

Rossiya tashqi ishlar vazirligi.

Foto: RBK

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Germaniya, Fransiya hamda Shvetsiya diplomatik vakolatxonalari rahbarlarini suhbatga chaqirdi. Rasmiy Moskva mazkur davlatlarning muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha pozitsiyasidan norozi. Uchrashuvda  Rossiya tomonidan Germaniya, Fransiya hamda Shvetsiyaning bir qator yuqori martabali mulozimlari qora ro‘yxatga kiritilgani ma’lum qilingan.

Avval xabar berganimizdek, rossiyalik taniqli siyosatchi, amaldagi hukumatning keskin tanqidchisi Aleksey Navalniy joriy yil 20-avgust kuni Tomskdan Moskvaga uchish payti samolyotda hushidan ketgan. Samolyot Omsk aeroportiga favqulodda qo‘ndirilgan. Komaga tushib qolgan siyosatchi Omsk shifoxonasida 2 kun davolangan, so‘ngra 22 avgust tongida maxsus uchoqda Germaniya poytaxti Berlindagi Charite shifoxonasiga olib ketilgan.

Yevropa mamlakatlari muxolif harakat yetakchisi bo‘lgan A.Navalniy «Novichok» turkumidagi kimyoviy modda bilan zaharlangan deya xulosa berdi. Yevropa ittifoqi kengashi mazkur hodisa munosabati bilan joriy yil 15 oktyabr kuni Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Sanksiya ro‘yxatiga Federal xavfsizlik xizmati (FXX) rahbari Aleksandr Bortnikov, Prezident ma’muriyati rahbarining 1-o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksey Krivoruchko va boshqalar kiritilgan. Nomi ushbu ro‘yxatga tirkalgan mulozimlarning YeI hududiga kirishi va moliyaviy operatsiyalar o‘tkazishi taqiqlanadi, shuningdek, ularga tegishli mablag‘lar muzlatiladi. Individual jazo choralari bilan birga Rossiya organik kimyo ilmiy-tadqiqot institutiga ham taqiq joriy etilgan.

Rossiya TIVga ko‘ra, ushbu jazo choralarini amalga kiritishda Germaniya, Fransiya hamda Shvetsiya jonbozlik ko‘rsatdi. Vazirlik sanksiyalarni nomaqbul deb atagan va bu borada munosib javob berilayotganini ta’kidlagan. 

«Kommersant» nashri manbalariga ko‘ra, Rossiya tomoni joriy etgan «qora ro‘yxat»ga Germaniya kansleri hamda Fransiya prezidenti ma’muriyatining yuqori martabali mulozimlari, ushbu davlatlar mudofaa vazirliklari amaldorlari hamda Aleksey Navalniy va unga tegishli ashyolarni tekshirgan laboratoriya rahbarlari kiritilgan.

Joriy yil 14-dekabr kuni The Insider, Bellingcat hamda CNN Navalniyning zaharlanishiga doir tekshiruv natijalarini e’lon qildi. Tekshiruv xulosasiga ko‘ra, muxolifatchini FXX vakillari zaharlamoqchi bo‘lgan.

21-dekabr kuni suiqasddan omon qolgan Navalniyning o‘zi FXX xodimi ekani taxmin qilinayotgan Konstantin Kudryavsev bilan bo‘lgan suhbatni chop etdi.

K.Kudryavsev The Insider, Bellingcat hamda CNN o‘tkazgan tekshiruvda A.Navalniyni kuzatish guruhidagi xodimlardan biri sifatida qayd etilgan. Ehtimoliy qotili bilan telefon orqali suhbatda muxolifatchi o‘zini Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibining yordamchisi deb tanishtirgan va suiqasd tafsilotlarini surishtirgan. Xavfsizlik tizimi rahbariyati vakili bilan suhbatlashyapman deb o‘ylagan K.Kudryavsev suiqasdga doir maxfiy tafsilotlarni so‘zlab bergan.

FXX «Navalniy hamda FXX xodimi suhbati» soxta ekanini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring