NATO favqulodda yig‘ilishidan so‘ng...
Kecha NATO kengashi favqulodda yig‘ilishga to‘planganini xabar bergandik. Endi esa OAVga ochiq ma’lumotlarga yuzlanamiz.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg avvalo alyans nega shoshilinch majlis chaqirganiga izoh berdi: eronlik general Qosim Sulaymoniy Iroq aeroporti yaqinida o‘ldirildi. Shimoliy Atlantika alyansi qotillikka daxldormas, ammo endi chetda tura olmaydi. Nima qilish kerak?
Stoltenbergning yuzaga kelgan yomon vaziyatdan yaxshilikcha chiqib ketishga urinishini ilg‘ash qiyinmas. Alyans Sulaymoniyni o‘ldirishda qatnashmagan.
«Bu AQShning qarori. Bu global koalitsiya yoki NATO qarori emas. Biroq barcha ittifoqchilar Eronning mintaqadagi barqarorlikni izdan chiqarib yuborar darajadagi faolligidan xavotirda», — dedi NATO bosh kotibi.
Vashingtonga Tehronning Iroqdagi faolligi doim xalaqit berib kelgan. Iroq — Qo‘shma Shtatlar Suriyadan tortib olinayotgan neftni saqlash uchun oraliq baza vazifasini bajarib kelgan. Trampni u yerdan chiqarib yuborishganidan so‘ng, Pentagon o‘z qo‘shinlarini Iroqqa ko‘chirdi. O‘shandayoq Iroq hukumati mamlakat hududini okeanortiliklarga faqatgina qo‘shinlar tranziti uchun taqdim etayotganini ochiqchasiga ma’lum qilgandi. Amerika harbiylari bu yerda doimiy asosda bo‘ladi degan shartnomaning o‘zi yo‘q.
Tramp alamli tarzda Yaqin Sharqdagi pozitsiyalarini boy berayotgandi. So‘nggi paytlarda AQShni mintaqadan chiqarib yuborishga urinishlar ham ko‘zga tashlanayotgandi. Sulaymoniyning o‘ldirilishi yechib bo‘lmas tugunni chopib tashlashga barobar bo‘ldi. Biroq! Bu aslida Iroqqa ortdan pichoq urish edi.
Eron Yaqin Sharqda siyosiy ta’sir o‘tkazishning asosiy markazi bo‘lib kelganini ta’kidlash shartmas. Saddam Husayn zamonida Bag‘dod qaysidir ma’noda Tehron bilan raqobatlashishga urinib ham ko‘rdi, biroq Husayn yo‘q qilingach, tarozi pallasi yana sharqiy qo‘shni tomonga og‘ib ketdi. Eroniylarning bemalol Iroqda yurishlari sababi ham ana shunda.
Tramp buyruq berib, general Sulaymoniyning o‘ldirilishi butun Yaqin Sharqni larzaga keltirdi. Eronning eng kuchli siyosatchilaridan birining halokatiga yo‘l qo‘ygan Iroqning holi havas qilgulik emas: bir tomonda — AQSh, ikkinchi tomonda — butun Islom dunyosi. Bag‘dod bundan buyon amerikalik diplomat va harbiylarning hayoti xavfsizligi uchun Vashington oldida javob berishga majbur edi, shuning barobarida Tramp yer bilan bitta qilgan o‘z obro‘sini islom mamlaktlari oldida tiklash-chi?! Bag‘dod amerikalik harbiylarning chiqarib yuborilishiga ovoz berdi.
Biroq Tramp bunga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Vashington milliardlab dollarlar sarflab qurilgan bazalarini tashlab, qo‘shinlarini olib ketmoqchi emas. Qolaversa, agarda Tehron hujum uyushtiradigan bo‘lsa, Eron hududidagi 52 ta ob’yektga qaqshatqich zarbalar berilishi bilan ham tahdid qildi.
Yuzaga kelgan vaziyat global oqibatlari bilan yomon. Erondagi raketa qo‘shinlari hozir jangovar holatga keltirib qo‘yilgan. Bu himoyaga tadorikmi yoki hujumga — shunisi noma’lum. Nima bo‘lgan taqdirda ham Iroqdagi AQSh bazalari nishonda turibdi. Agar ularga qarata o‘t ochilsa, bunga javoban Tramp o‘z tahdidlarini amalda isbotlasa, shak-shubhasiz Yaqin Sharq alanga ichida qoladi.
NATO bu vaziyatda bir chetda tura olmaydi va nizoga aralashishga majbur bo‘lishi mumkin. Katta ehtimol bilan NATO Yaqin Sharqda urushishni istamayotgandi. Biroq Vashington yordam so‘rasa — harbiy blokning boshqa chorasi qolmaydi. Shimoliy Atlantika blokining miyasi bu — Vashington.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter