Moldova davlat tilini rasman moldovanchadan ruminchaga alishtirdi
Moldova prezidenti Mayya Sandu rumin tilini respublikaning rasmiy tiliga aylantirish haqidagi qonunni imzoladi.
«Bugun men tarixiy adolatni tasdiqlovchi qonunni imzoladim: endi Moldovaning davlat tili rumin tili bo‘ladi»,– deb yozdi Sandu o‘zining Facebook sahifasida.
Mamlakat rahbari moldovaliklar endi Yevropa Ittifoqining rasmiy tillaridan birida muloqot qilishlarini ta’kidladi. U rumin tilini «jamiyatni mustahkamlash uchun katalizator» vazifasini o‘tab berishiga ishonch bildirdi.
«Bizga o‘nlab yillar davomida Moldova fuqarolari, rumin tilida emas, moldova tilida gaplashishi kerakligini aytganlar. Bundan faqat birgina maqsad ko‘zlangan – xalqlarni ajratish. Ya’ni, bo‘lingan xalqni bo‘ysundirish va nazorat qilish maqsadi bo‘lgan.
Bizni bo‘lib yubormoqchi bo‘lganlar lingvistika haqida emas, qanday qilib Moldovani doimiy ravishda milliy qarama-qarshilikda ushlab turishni o‘ylaganlar», – deydi Sandu.
O‘tgan payshanba kuni mamlakat parlamenti 58 deputatning ovozi bilan davlat tili nomini moldova tilidan rumin tiliga o‘zgartirishni ma’qullagan edi. Endi mamlakat qonunchiligiga, hatto konstitutsiyaga ham o‘zgartirishlar kiritiladi, garchi bu odatda referendumni talab qilsa ham.
Ma’lumot uchun, Ruminiya Yevropa Ittifoqiga a’zo. Moldova esa 2022 yildan beri ittifoq a’zoligiga nomzod davlatdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter