Misrdagi cherkovda yuz bergan yong‘inda 41 nafar inson halok bo‘ldi
Misrning Giza shahridagi Kopt cherkovida kelib chiqqan yong‘in oqibatida 41 kishi halok bo‘lgan. Yana 14 kishi turli darajada kuyish jarohatlarini olgan. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.
Hodisa, kecha, 14-avgust kuni Qohira g‘arbidagi Giza shahrida joylashgan cherkovda sodir bo‘lgan. Misr Ichki ishlar vazirligi tergovning dastlabki natijalariga ko‘ra, yong‘in cherkov binosining ikkinchi qavatidagi konditsioner tizimidagi nosozlik tufayli yuzaga kelgan.
Yong‘in vaqtida cherkovda besh mingga yaqin inson ibodat uchun to‘plangan bo‘lgan. Shu sababli yong‘in boshlangan vaqtda chiqish eshigi oldida katta tirbandlik yuzaga kelgan.
«Uchinchi va to‘rtinchi qavatlarda odamlar to‘planishayotgan edi, ikkinchi qavatdan tutun chiqayotganini ko‘rdik. Odamlar zinapoyadan yugurib tushib, bir-birining ustiga yiqila boshladi», – deydi cherkov a’zolaridan biri Yosir Munir.
Misr prezidenti Abdulfattoh Sisiy Gizadagi al-Munir cherkovidagi yong‘indan keyingi vaziyatni shaxsan o‘zi nazoratga olganini aytdi.
Davlat rahbari barcha tegishli davlat muassasa va tashkilotlariga zarur chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha topshiriq berganini ta’kidlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter