Millionlab odamlarni qo‘rquv va hayajonga solgan Ginness rekordi (video)
Xitoyning Szyansi provinsiyasi Ichun shahar okrugida 63 kilogramm tirik asalari bilan qoplangan odam tarixda qoladigan bo‘ldi — uning yutug‘i Ginnessning rekordlar kitobiga kiritildi. Guvohlar tomonidan tasvirga olingan video «Facebook»da «Guinness World Records» guruhiga joylandi.
Juan Lyanmin tanasida bahaybat asalari uyasini hosil qilib jahon rekordini o‘rnatdi. Video tasvirlarida himoya kostyumi kiymagan xitoylikning ustiga tog‘ora-tog‘ora hasharot to‘kishayotganini ko‘rish mumkin. Asalarilar Lyanminni butunlay qoplab olishib, uni ulkan qo‘ng‘ir haykalga aylantirib qo‘yishdi. Oxirgi daqiqalarda xitoylik yuzidagi hasharotlarni tushirish uchun boshini biroz qimirlatdi.
Rekord kitobi vakillari yuz berayotgan hodisani o‘z ko‘zlari bilan kuzatib borishdi. Yutuq qayd etilgach, maxsus shug‘ullangan odamlar Lyanminni asalarilardan tozalashdi.
Videoni olti milliondan ortiq kishi tomosha qilishdi, yuzlab izohlar qoldirildi.
«Bunday iste’dodni birinchi marta ko‘rishim. Ushbu rolikni yana bir marta tomosha qilishim amri mahol. Bu odam — Ginness rekordlar kitobining haqiqiy qahramoni», «Videoni tomosha qilib o‘lib qolayozdim», «Ushbu kadrlardan hushimdan ketishimga bir bahya qoldi», — deb yozib qoldirishgan tarmoq foydalanuvchilari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter