Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Milliarderlar ayollar va qashshoqlar hisobiga boyishmoqda — Oxfam (video)

Milliarderlar ayollar va qashshoqlar hisobiga boyishmoqda — Oxfam (video)

Foto: «Delfi»

Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi boshlanishiga bir kun qolganida xalqaro xayriya tashkiloti — Oxfam o‘z hisobotini taqdim etdi, deya xabar berdi «Euronews».

Tashkilot taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra:

  • 2019-yilda 2153 nafar milliarder sayyoramizning 60 foiz aholisi, ya’ni 4,6 milliard kishidan boyroq bo‘lgan.
  • Sayyoramizning eng badavlat 1 foiz aholisi 6,9 mlrd. kishidan (jahon aholisining 92 foizi) ikki karra boyroq.
  • Dunyodagi eng boy 22 nafar erkak Afrikadagi jami ayollardan ko‘proq mol-davlatga ega.

Biz faqat boylarning tolei kuladigan iqtisodiy tizim doirasida yashayapmiz, boylar boyib boraveradi, erkaklarning imkoniyatlari doim yuqori. Bu tizim ayollarni va qizlarni, aholining eng qashshoq qatlamlarini ekspluatatsiya qilishga qurilgan.

Amitabx Behar,
Oxfam boshqaruvchi direktori

Dunyo bo‘yicha ayollarning 42 foizi bola tarbiyasi va keksa qarindoshlari parvarishi bilan bandligi bois ishga joylasha olmaydi, bu vaziyatda erkaklarning ulushi — 6 foiz.

«Xarobada bir o‘zing bolalarni tarbiyalashing juda og‘ir. Kuniga 1 dollar ishlab topaman. Bu pul kunlik ehtiyojlarga yetmaydi. Ba’zida och qoringa uyquga yotarkanman, vujudimni umidsizlik egallab oladi», — deydi nayrobilik (Keniya) ayol.

Oxfam hisobotida ta’kidlanadiki, tengsizlikka qarshi kurash toki siyosiy miqyosga chiqmas ekan, boylar va qashshoqlar o‘rtasidagi jarlik kattalashib boraveradi, hukumatlar «ayollar uchun» iqtisodiy tizimni, ya’ni ayollarning huquq va manfaatlari himoya qilinadigan, kompaniyalar va boylar soliq to‘lashi kafolatlanadigan tizimni qurishlari shart.

Insonlar parvarishi bilan bog‘liq kasblarda ayollar ishchi kuchining uchdan ikki ulushini tashkil etmoqda. Hamshiralar, enagalar, ijtimoiy sohalar xodimlari mehnatiga juda kam haq to‘lanmoqda, ularga juda kam imtiyozlar beriladi va aksincha, ish soatlari ko‘pincha me’yoridan ortib ketadi.

Sayyoramiz aholisi ko‘payib va qarib borayotgani nazarda tutilsa, yaqin yillarda yuqoridagi kasb egalariga tushayotgan bosim yanada kuchayadi. 2030-yilga borib 2,3 mlrd. kishi qarovtalab bo‘lib qoladi, bu 2015-yildagidan 200 million nafarga ko‘pdir. Iqlim o‘zgarishlari ijtimoiy inqirozni yanada keskinlashtiradi — 2025-yilda 2,4 mlrd. kishi uchun ichimlik suvi ulkan muammoga aylanadi. Buning zalvori yana bechora ayollar va qizlarning nozik yelkalariga tushadi, aksariyat qashshoq o‘lkalarda oilani suv bilan ta’minlash — ayollarning ishi...

Oxfam tashkiloti hukumatlarni eng boy insonlar va korporatsiyalarni nisbatan juda kam soliqqa tortayotganlikda aybladi. Qolaversa, hukumatlar jamoat uchun xizmatlar va infratuzilma rivojlanishini yetarlicha moliyalashtirmayapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring