Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Meksikada XIV asr hindularining hammomi topildi

Meksikada XIV asr hindularining hammomi topildi

Bu Meksikaning tub aholisi ispanlargacha ham hammomlardan foydalanganiga ashyoviy dalil bo‘la oladi.

Meksika milliy antropologiya va tarix instituti (INAH) olimlari Meksikaning tarixiy qismida bug‘ hammomini va ispan bosqinidan oldingi mahalliy hindular hayot tarzining boshqa arxeologik dalillarini topdilar.

XIV asrda zamonaviy Mexiko o‘rnida atsteklar imperiyasining bo‘lajak poytaxti – Tenochtitlan shahar-davlati gullab-yashnagan. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bu topilma Tenochtitlanning eng qadimgi qismi – o‘sha davr fuqarolari uchun ko‘plab qadamjolar va muhim madaniy ob’yektlar joylashgan Temazkaltitlan mavzesini tasdiqlash imkonini beradi.

Avvaldan Temazkaltitlanda shunday vannalar borligi qadimgi hujjatlardan ma’lum bo‘lgan: topilma ularning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Mahalliy tilda «nauatl» deb atalgan bug‘ temaskal (temaskal – «Qaynoq toshlar uyi» ma’nosini beradi) hammomlarini olimlar 14-asrga tegishli deb hisoblashmoqda. Gumbazli bu inshoot Meksikaning La-Mersed shahri yaqinida, Talaver ko‘chasi ostida joylashgan. Aftidan, hammomdan davolanish va ma’naviy maqsadlar uchun foydalanilgan: arxeologlar uni mahalliy unumdorlik ilohasiga bog‘lash bilan birga, bu yer turli poklanish marosimlari, hatto, homilador ayollarning tug‘ishi uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilishyapti.

Tadqiqotchilar uning ishlash tamoyilini quyidagicha ta’riflaydilar: tabiiy issiq buloqlar bilan ta’minlangan temaskal iliq suvli kichik hovuz va o‘tirish uchun o‘rindiqlarni o‘z ichiga oladi. Inshoot somonli g‘ishtlardan qurilgan va tezontl deb nomlanuvchi vulqonli tosh bilan qoplangan. U suv bug‘i bilan to‘ldirilgan. Hajmi – uzunligi taxminan besh metr (16,5 fut), kengligi deyarli uch metr (9,8 fut).

Mahalliy xalq bu yerda ayol ilohalarga sig‘inishgan. Arxeolog Viktor Esperon ta’kidicha, unumdorlik ilohalariga poklanish va suv ma’mudalari ham kiritilgan bo‘lishi mumkin. Qizig‘i shundaki, temazkaltitlanliklar ham ispanlargacha agava va boshqa o‘simliklardan tayyorlangan spirtli ichimlik – pulk bilan bog‘liq ilohlarga ibodat qilishgan. Ma’lumki, uni tayyorlash jarayoni doimo ko‘plab diniy marosimlarga bog‘liq bo‘lib kelgan.

Taniqli olim Ernando Alvarado Tesosomok (1520–1609)ning Crónica Mexicáyotl («Meksika xronikasi») hujjatida Tenochtitlanda Ketsalmoyaxuatsi ismli zodagon hindu qizning poklanish marosimlari uchun temascal qurilgani va bu marosimlarda shaharliklar ishtirok etgani tasvirlangan. Mualliflarning ta’kidlashicha, yangi topilma Temazkaltitlan shahrining ma’naviy va madaniy ahamiyatini va uning marosim amaliyotlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring